Obloqulova Mastura Mizrobovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ingliz tili gap strukturasida fe’lning shaxssiz shakllarining funksional tahlili», 10.00.04–Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.PhD/Fil.50.
Ilmiy rahbar: Sirojiddinov Shuxrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Siddikova Iroda Abduzuxurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Xoshimov G‘anijon Mirzaahmedovich, filologiya fanlari doktori, professor;
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gap strukturasida fe’lning shaxssiz shakllarining formal (sintaktik pozisiyalari va aloqalari) xususiyatlarini va mazmun-mundarijaviy (sintaktik-semantik) xususiyatlarini hamda sintaksemalar o‘zaro aloqasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz tilining mikrokontekstidagi sintaktik semantikaning yangi yo‘nalishlari asosida fe’lning shaxssiz shakllari kompleksli va tizimli ravishda ishlab chiqilgan;
fe’lning shaxssiz shakllarining distributiv imkoniyatlari va ularning ingliz tili gap strukturasidagi sintaktik aloqalari aniqlangan;
sintagmatik va paradigmatik qatorda va qonuniyatlarda sintaktik aloqalarni aniqlash hamda differensial sintaktik-semantik xususiyatlar (sintaksemalar)ni va shu asosda sintaktik shakllarning konkret modellar bazasida morfologik ifodalanishini yuzaga chiqarish usullari asoslab berilgan;
sintaksemalar va ularning variantlari gapdagi boshqa komponentlar bilan birika olishi qonuniyatlari dalillangan;
gap strukturasida gap bo‘laklari va ularning semantikasini yaqqol aks ettirish uchun komponent va yunksion modellardan foydalanish zarurati isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Gap strukturasidagi fe’lning shaxssiz shakllarining funksional tahlilini tadqiq etish asosida:
fe’lning shaxssiz shakllarining funksional tahlili bo‘yicha olib borilgan tadqiqot materiallaridan FA-F8-034 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 2 noyabrdagi FTK-03-13/ 739-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari sintagmatik va paradigmatik qatorda sintaktik aloqalarni tavsiflash hamda differensial sintaktik-semantik xususiyatlarni va shunga bog‘liq holda konkret modellar bazasida ularning morfologik ifodalanishining qonuniyatlari asosida sintaksemalarni aniqlash usullarini ko‘rsatishda asos bo‘lgan;
tadqiqotdagi fe’lning shaxssiz shakllari to‘g‘risidagi natijalar Xalqaro Burch universiteti ingliz tili amaliyoti yo‘nalishida foydalanilgan (Xalqaro Burch universitetining 2016 yil 14 oktyabrdagi 02-176/16-son ma’lumotnomasi). Fe’lning shaxssiz shakllarining har xil variantdagi sintaksemalarning keng spektri va ularning boshqa sintaksemalar bilan o‘ziga xos bog‘lana oladigan sintaktik semantikani o‘rganishda yordam bergan;
ingliz tili o‘qitishning zamonaviy texnologiyalarini keng targ‘ib etish maqsadida Samarqand teleradiokompaniyasining «Ingliz tilini o‘rganamiz», «Xorijiy tillarni bilamizmi?», «Ingliz tilida so‘zlashamiz» nomli teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda tadqiqot asosida ishlab chiqilgan usullar qo‘llanilmoqda (STR teleradiokompaniyasining 2016 yil 8 sentyabrdagi 09.02/272-son ma’lumotnomasi). Gap strukturasidagi fe’lning shaxssiz shakllarini tatbiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar fe’lning shaxssiz shakllarini va ularning sintaktik-semantik belgilarining distribusiyasini o‘qitishda inobatga olish zarurligini ko‘rsatib bergan.