Abdullaev Zafarjon Alijonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tijorat banklari faoliyatini soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Iqt233.
Ilmiy maslahatchi: Toshmatov Shuxrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank–moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tashmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tijorat banklari faoliyatini soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kapitallashuvning etishmasligiga qarshi qoidaning joriy qilinishi korporativ soliq tizimidagi qarzli moliyalashtirishni cheklash va qarz foizi bo‘yicha soliq chegirmalarining salbiy oqibatini kamaytirishi asoslangan;
QQS mohiyatining buzilishi va soliq yukining mijozlarga o‘tkazilishini kamaytirish maqsadida, bank sohasidagi kapitalga foyda solig‘i solinmasligi hamda kirim qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) hisobga olish tartibini joriy etish orqali soliq xarajatlari va hisobotlarini qisqartirish asoslangan;
muammoli kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga shakllantiriladigan majburiy rezervlarni chegiriladigan xarajatlar tarkibiga kiritish orqali kredit defolti yuz berishini kamaytirish va moliyaviy hisobotlar shaffofligini ta’minlash taklif etilgan;
tizimli riskni pasaytirish maqsadida korporativ xususiy kapitalga soliq imtiyozini qo‘llash orqali korporativ soliq tizimidagi xususiy kapital va qarz kapitali o‘rtasidagi soliq diskriminatsiyasini bartaraf etish, ulushli moliyalashtirish hajmi hamda kapitallashuv darajasini oshirish taklif etilgan;
pullik xizmatlarga umumiy o‘rnatilgan stavkada QQSni qo‘llash orqali moliyaviy xizmatlar tannarxi pasayishi, foydaning oshishi, “qaytarilmaydigan QQS” muammosining hal qilinishi hamda talabga ijobiy ta’sir etishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tijorat banklari faoliyatini soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kapitallashuvning etishmasligiga qarshi qoidani joriy qilish asosida korporativ soliq tizimidagi qarzli moliyalashtirishni cheklashga va qarz foizi bo‘yicha soliq chegirmalarining salbiy oqibatini kamaytirish bo‘yicha taklifi Soliq kodeksining 317-moddasi 35-bandi, 310-modda 1) kichik bandi va shu moddaning 6-qismida o‘z aksini topgan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 26 noyabrdagi 03/03-03-01-32/1119-son ma’lumotnomasi). Natijada, qarzli va ulushli moliyalashtirish o‘rtasidagi soliq diskriminatsiyasining kamayishi orqali makroprudensial nazoratni amalga oshirishda tartibga solish va soliqqa tortishni muvofiqlashtirish, shuningdek, banklarning foydasini oshirish imkoniyati yaratilgan;
QQS mohiyati buzilishi va soliq yukining mijozlarga o‘tkazilishini kamaytirish maqsadida bank sohasidagi kapitalga foyda solig‘i solinmasligi hamda kirim qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) hisobga olish tartibini joriy etish orqali soliq xarajatlari va hisobotlarini qisqartirish bo‘yicha taklifi Soliq kodeksining 20-moddasi 3-qismida, 299-moddasi 5-qismida va kirim qilingan QQSni mutanosib hisobga olish 268-moddaning 1-4 -qismlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 26 noyabrdagi 03/03-03-01-32/1119-son ma’lumotnomasi). Natijada, bank resurslari va xizmatlari qiymatining pasayishiga, soliq hisobotlari qisqarishiga, QQS mohiyatining buzilishi va soliq yukidagi nomutanosiblikning kamayishiga erishilgan;
muammoli kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga shakllantiriladigan majburiy rezervlarni chegiriladigan xarajatlar tarkibiga kiritish orqali kredit defolti yuz berishini kamaytirish va moliyaviy hisobotlar shaffofligini ta’minlash bo‘yicha taklifi Soliq kodeksining 315-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 26 noyabrdagi 03/03-03-01-32/1119-son ma’lumotnomasi). Natijada, kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga rezervlar kredit defolti yuz berishini kamaytirishi, bank tizimining shaffofligi hamda yo‘qotishlarning moliyaviy va soliq maqsadlari uchun xarajatlar sifatida tan olinishi ta’minlagan;
tizimli riskni pasaytirish maqsadida korporativ xususiy kapitalga soliq imtiyozini qo‘llash orqali korporativ soliq tizimidagi xususiy kapital va qarz kapitali o‘rtasidagi soliq diskriminatsiyasini bartaraf etish, ulushli moliyalashtirish hajmi hamda kapitallashuv darajasini oshirish bo‘yicha taklifi Soliq kodeksining 304-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 12 yanvardagi 14/1-01547-son ma’lumotnomasi). Natijada, banklarning kapital strukturasiga ta’sir etib, kapitallashuv darajasining oshishi tizimli riskni pasaytirishga, xususiy kapital orqali moliyalashtirish hajmining o‘sishiga olib kelgan;
pullik xizmatlarga umumiy o‘rnatilgan stavkada QQSni qo‘llash orqali moliyaviy xizmatlar tannarxining pasayishi, foydaning oshishi, “qaytarilmaydigan QQS” muammosi hal qilinishi hamda talabga ijobiy ta’sir etishini asoslash bo‘yicha taklifi Soliq kodeksining 244-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2021 yil 12 yanvardagi 14/1-01547-son ma’lumotnomasi). Natijada, bank xizmatlari xarajatlari pasayishi va kirim qilingan QQS uchun kredit olish imkoniyati yaratilishi, QQSning bevosita ishlab chiqarish solig‘iga aylanishini bartaraf etish hamda soliq tushumlarining oshishiga olib kelgan.