Ibragimova Gulsanam Nematovnaning
falsafa doktori(PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Interfaol o‘qitish metodlari va texnologiyalari asosida talabalarning kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirish», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi va tarixi. Ta’limda menejment (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.PhD/Ped18.
Ilmiy rahbar: Yuzlikaeva El`zara Reshatovna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc.27.06.2017.Ped26.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Baxtiyor Xudoyberdievich, pedagogika fanlari doktori; Isakulova Nilufar Janikulovna, pedagogika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: interfaol ta’lim metodlari va texnologiyalari vositasida talabalarda kreativlik qobiliyatini rivojlantirishning pedagogik mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
talabalarda kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishning umumkasbiy va sohaga yo‘naltirilgan kognitiv, ijtimoiy kompetensiyalarga yo‘naltirilgan faoliyati tuzilmasi komponentlari aniqlashtirilgan;
interfaol ta’lim muhitida kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishning integrallashgan metodik tizimi, reproduktiv, ijodiy-izlanish va novatorlik bosqichlari mazmuni, shuningdek jarayon samaradorligini baholashning prognostik va kvalimetrik metodikasi ishlab chiqilgan;
oliy ta’lim muassasalari «Pedagogika» ta’lim sohasi bo‘yicha pedagog kadrlarining kreativ kompetentligiga qo‘yiladigan umumiy malaka talablari takomillashtirilgan;
tashkiliy-ijodiy hamda integratsion yondashuv asosida o‘quv va tarbiyaviy faoliyatni loyihalashtirish, interfaol o‘qitish metodlari va texnologiyalari vositasida talabalarda kreativlik qobiliyatlarni rivojlantirishga doir amaliy taklif va tavsiyalar shakllantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Interfaol o‘qitish metodlari va texnologiyalari asosida talabalarning kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishga doir tadqiqiot natijalari asosida:
talabalarda kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishga doir tayanch, fanlararo va xususiy kompetensiyalar «110000-Pedagogika» bakalavriat ta’lim yo‘nalishining davlat ta’lim standarti («O‘zstandart» agentligi tomonidan 2015 yil 22 iyulda tasdiqlanib, 361998-son raqam bilan Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) mazmuniga singdirilgan. Natijada talabalarning kreativlik salohiyatini rivojlantirish mazmun-mohiyati takomillashtirilib, interfaol ta’lim metodlari va texnologiyalari vositasida ularda kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirish samaradorligini oshirish imkonini bergan;
talabalarda kreativlik qobiliyatlarini rivojlantirishning pedagogik-psixologik aspektlari, kontrsuggestiv, tezaurus va interaksion omillarini tadqiq etish asosida interfaol o‘qitish metodlari va texnologiyalari yordamida talabalarning kreativlik qobiliyatlarini tashxislash va rivojlantirish metodikasi ishlab chiqilgan va vazirlik huzuridagi ta’lim muassasalari uchun yaratilgan o‘quv-metodik adabiyotlarni muvofiqlashtirish Kengashining 2016 yil 19 maydagi 5-sonli bayoni bilan tasdiqlangan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 18 iyuldagi 01-02/1-3-227-son ma’lumotnomasi). Metodikaning joriy etilishi talabalardagi kreativlik sifatlari va kreativlik qobiliyati, o‘z faoliyatiga nisbatan refleksiv yondashuv ko‘nikmalarini shakllanishiga, pedagog kadrlarda interfaol ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiluvchi zamonaviy kompetensiyalarning o‘zlashtirilishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4732-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi «Pedagogning kasbiy kompetentligi va kreativligi» moduli mazmunini shakllantirishda tadqiqot g‘oyalari va emperik natijalaridan foydalanilgan (OO‘MTVning 2016 yil 17 maydagi 89-03-1336-son ma’lumotnomasi). Mazkur modulning joriy etilishi oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining kreativ faoliyati samaradorligining oshishiga xizmat qilgan.