Xayitova Shahlo Davlatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za genetik kolleksiyasi liniyalarining duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/V211.
Ilmiy rahbar: Nabiev Sadig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlar doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Kushanov Fahriddin Nematullaevich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘za genetik kolleksiyasi liniyalarining F1-F2 duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi, korrelyasiyasi, avloddan- avlodga berilishi xususiyatlarini, bu liniyalarning qimmatli-xo‘jalik belgilari bo‘yicha kombinatsion qobiliyatlarini aniqlash va seleksion qimmatli genotiplarni ajratib olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘za genetik kolleksiyasi liniyalarining F1 duragaylarida tola chiqimi belgisining ota-ona shaklining genotipiga bog‘liq ravishda ijobiy o‘ta dominantlik va salbiy to‘liqsiz dominantlik holatlarida irsiylanishi asosida bu liniyalarda belgining dominant yoki resessiv genlar bilan boshqarilishi isbotlangan;
ota-ona shakllari va F1 duragaylariga nisbatan F2 duragaylarida tola chiqimi, uzunligi, indeksi va 1000 ta chigit vazni belgilarining o‘zgaruvchanlik ko‘lamining kengligi ijobiy va salbiy transgressiya namoyon bo‘lishiga olib kelishi, gistogrammaning asosan bir cho‘qqili bo‘lib, belgilarning avloddan-avlodga berilishi darajasi duragay kombinatsiyasiga bog‘liq ravishda past va yuqori ko‘rsatkichli bo‘lishi aniqlangan;
tola chiqimi bo‘yicha ijobiy yuqori umumiy kombinatsion qobiliyat, ya’ni donorlik xususiyatiga L-489, tola uzunligi bo‘yicha L-4112 va L-39, 1000 ta chigit vazni bo‘yicha esa L-489 va L-608 liniyalari ega ekanliklari isbotlangan;
F1 duragaylarining to‘g‘ri va teskari kombinatsiyalarida tola chiqimi, uzunligi, indeksi va 1000 ta chigit vaznining o‘rtacha ko‘rsatkichlari bo‘yicha resiprok farqlanishning mavjudligi asosida bu belgilarning genetik nazoratida yadroviy genlar bilan bir qatorda, sitoplazmatik genlarning ham ishtirok etishi aniqlangan;
tuksiz va tolasiz L-70 liniyasining genotipida tola uzunligi va chiqimini belgilovchi genlar yashirin holatda mavjudligi, uning tukli va tolali boshqa liniyalar bilan F1 duragaylarida bu belgilarning ko‘rsatkichlari genlar dominant allellarining miqdoriga bog‘liq bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za genetik kolleksiyasi liniyalarining duragaylarida morfoxo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
g‘o‘za genetik kolleksiyasining o‘rta tolali liniyalarini o‘zaro duragaylash asosida olingan, qimmatli-xo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlariga ega L-720, L-721, L-722, L-750 va L-751 liniyalari O‘zbekiston milliy universitetining g‘o‘za genetik kolleksiyasi bo‘yicha “Noyob ob’ekt”iga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 noyabrdagi 8903-4915-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu g‘o‘za liniyalari O‘zbekiston milliy universiteti g‘o‘za genetik kolleksiyasini tola chiqimi va tola uzunligi yuqori, yangi irsiy asosga ega boshlang‘ich manbalar bilan boyitish imkonini bergan;
o‘rta tolali g‘o‘zaning yangi L-720, L-721, L-722, L-750 va L-751 liniyalari №A-8-6 “G‘o‘za genetik kolleksiyasining istiqbolli liniyalari va qurg‘oqchilikka chidamli navlar seleksiyasida takomillashtirilgan usullarni qo‘llash” mavzusidagi amaliy loyihasida boshlang‘ich manbalar sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 noyabrdagi 8903-4915-son ma’lumotnomasi). Natijada, qurg‘oqchilikka chidamlilik seleksiyasi uchun g‘o‘za liniyalarini ajratib olish imkonini bergan;
qimmatli-xo‘jalik belgilarining yuqori ko‘rsatkichlarining majmuasiga ega, ya’ni bitta ko‘sakdagi paxta vazni 6,0-6,5g., tola chiqimi 42,0-43,0%, tola indeksi 7,0-7,5g., tola sifati yuqori bo‘lgan L-750 liniyasi O‘zR FA GO‘EBIning “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 21-oktyabrdagi 4/1255-2240-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu liniya o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini boyitish hamda kolleksiya namunalari bo‘yicha elektron bazasini to‘ldirish imkonini bergan.