Xidoyatova Dilafruz Abdugaffarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Interfaol ta’lim modeli vositasida ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar o‘zbek tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish jarayoni samaradorligini oshirish», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi va tarixi. Ta’limda menejment (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Ped45.
Ilmiy rahbar: Yo‘ldoshev Jo‘ra G‘anievich pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc.27.06.2017.Ped.26.01.
Rasmiy opponentlar: Muxitdinova Xadicha Sobirovna, pedagogika fanlari doktori; Xalilova Shaxnoza Turg‘unovna, pedagogika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Oliy va o‘rta maxsus ta’limni rivojlantirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
interfaol ta’lim modelini takomillashtirish asosida ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar o‘zbek tili o‘qituvchilari malakasini oshirish jarayoni samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
interfaol metodlardan foydalanish mexanizmi tinglovchilarning ehtiyojlari asosida ularning motivatsiyasi, kasbiy kompetensiyalarini oshirish, o‘zga tilni o‘rgatishdagi muammoli vaziyatlarning samarali echimlarini qo‘llash va kommunikativ jarayonni faollashtirish asosida takomillashtirilgan;
o‘zga tilni o‘rgatish tamoyillariga muvofiq o‘qish, gapirish, fonetik talablarga mos talaffuz qilish, tinglab anglash, rasm orqali fikrini ifodalash, dialogik nutq, yozish ko‘nikmalarini rivojlantirish asosida «Daraxt», «Step by step», «4 taraf», «Soat millari», «O‘quv shartnomasi», «Alifbo harflari», «Davrlar stuli», «Rasmni qaytarib chiz», «Rasmlar orasidagi bog‘liqlik» kabi bir qancha interfaol metodlar takomillashtirilgan;
«Mevali salat», «Kim yetakchi?», «Ob-havo», «Iltimos, bunday qiling!» va boshqa enerjayzerlar va «Buterbrod», «Gapni to‘ldiring», «Kechagi kunni tasvirlang», «Pantomima» kabi refleksiya mashqlari o‘zbek tilini o‘rgatishning zamonaviy metodlariga moslashtirilgan;
ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar o‘zbek tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish jarayonini takomillashtirishda interfaol ta’lim modelidan foydalanishning ilmiy asoslari tahlil etilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Interfaol ta’lim modeli vositasida ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablar o‘zbek tili o‘qituvchilari malakasini oshirish jarayoni samaradorligini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
malaka oshirish jarayoni samaradorligini oshirishda interfaol metodlardan foydalanish yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 avgustdagi 234-son qarori bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizom»ning 9 va 14-bandlarida o‘z aksini topgan (Xalq ta’limi vazirligining 2017 yil 18 fevraldagi 03-02/1-7-1399-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish jarayonida o‘quv-uslubiy ta’minotini takomillashtirish asosida ta’lim sifatini oshirishga imkon yaratdi;
tadqiqot ishi yuzasidan ishlab chiqilgan va takomillashtirilgan interfaol ta’lim modeli va interfaol metodlar Respublika Ta’lim markazi ilmiy kengashining 2017 yil 30 iyundagi 2-son qarori bilan respublikadagi ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning o‘zbek tili darslarida foydalanishga tavsiya etilgan (Respublika Ta’lim markazining 2017 yil 27 iyuldagi 01/11-01/04-891-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiya va tadqiqot yuzasidan yaratilgan bir qancha metodik ta’minotlar respublika ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarida o‘zbek tili o‘qituvchilari tomonidan foydalanildi va bu o‘zbek tili dars jarayonlarining samaradorligini oshirishga xizmat qildi.