Jumaev Sherzod Bahrom o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Vagonlar oqimini tashkil etishda axborot texnologiyalari asosida transport jarayonlari texnologiyasini takomillashtirish”, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/T1862
Ilmiy rahbar: Suyunbaev Shinpolat Mansuralievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/30.12.2019.T.73.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Arpabekov Muratbek Il`yasovich, texnika fanlari doktori, professor; Xadjimuxametova Matluba Adilovna, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: axborot texnologiyalaridan foydalangan holda temir yo‘l transportida vagonlar oqimini tashkil etish transport jarayonlari texnologiyasini takomillashtirish va uni amaliy qo‘llashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
manyovr reyslarining ratsional soni va ularni bajarish ketma-ketligini tanlash uchun vagonlarning tarkibda joylashishidagi mumkin bo‘lgan kombinatsiyalarni qayta ishlashga doir dasturiy ta’minot asosida yuk ob’ektlari bo‘yicha mahalliy vagonlarni jamlash usuli ishlab chiqilgan; 
ko‘p guruhli poezdlarni tuzishning eng yaxshi sxemasini izlash maqsadida Fibonachchi sonlarini qo‘llagan holda vagonlar guruhining uzunligiga bog‘liq ravishda saralash yo‘llarining minimal zaruriy sonini aniqlash usuli ishlab chiqilgan; 
o‘zgarmas va o‘zgaruvchan grafik sharoitida vagonlar yig‘ilish jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda terma va terma-uchastka poezdlarining jo‘natish vaqtini belgilash uchun poezd tarkiblari tuzilishidagi foydalanish ko‘rsatkichlari aniqlangan;
vagonlar guruhini yo‘l-yo‘lakay poezdlarga qo‘shib yuborishning mumkin bo‘lgan variantlarini texnik-iqtisodiy baholashga doir dasturiy ta’minot asosida vagonlarni grafik vaqtlariga biriktirishning matematik modeli ishlab chiqilgan;
temir yo‘l uchastkasiga xizmat ko‘rsatuvchi turli poezdlarning foydalanish xarajatlarini taqqoslash asosida terma, uchastka va terma-uchastka poezdlari harakatini tashkil etishning tezkor rejalashtirish texnologiyasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Vagonlar oqimini tashkil etishda axborot texnologiyalari asosida transport jarayonlari texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yuk ob’ektlari bo‘yicha mahalliy vagonlarni jamlash usuli “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ temir yo‘l stansiyalariga vagonlar guruhini belgilangan tartib bo‘yicha tuzishda manyovr reyslarining ratsional soni va ularni bajarish ketma-ketligini tanlash uchun joriy etilgan (“O‘MK” AJning 2021 yil 7 iyundagi 01/06-01/04-384-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p guruhli poezdlarni tarqatish uchun sarflanadigan vaqtni 17% ga, stansiya yuklanganligini 6% ga kamaytirishga, yoqilg‘i sarfini va vagonlarning turib qolish vaqtini minimallashtirishga, mahalliy vagonlarning aylanmasini tezlashtirishga erishilgan;
vagonlar guruhining uzunligiga bog‘liq ravishda saralash yo‘llarining minimal zaruriy sonini aniqlash usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufiga kiruvchi «Chuqursoy» stansiyasiga ko‘p guruhli poezdlarni tuzishning eng yaxshi sxemasini izlash uchun joriy etilgan (“O‘TY” AJning 2021 yil 3 iyundagi 01/2330-21-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tepalik texnologik sikli 12% ga kamaygan, tranzit qayta ishlanadigan poezd tarkiblarini saralash jarayonlariga sarflanadigan vaqt 5% ga qisqargan va saralash tepaligining qayta ishlash qobiliyati 14% ga oshgan;
vagonlarni grafik vaqtlariga biriktirishning matematik modeli va terma, uchastka va terma-uchastka poezdlari harakatini tashkil etishning tezkor rejalashtirish texnologiyasi “O‘TY” AJ tasarrufiga kiruvchi “Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish bosh boshqarmasi”ga vagonlar guruhini yo‘l-yo‘lakay poezdlarga qo‘shib yuborishning mumkin bo‘lgan variantlarini texnik-iqtisodiy baholash va temir yo‘l uchastkasiga xizmat ko‘rsatuvchi turli poezdlarning foydalanish xarajatlarini taqqoslash uchun joriy etilgan (“O‘TY” AJning 2021 yil 3 iyundagi 01/2330-21-sonli ma’lumotnomasi). Natijada axborot texnologiyalari asosida vagonlar oqimini tashkil etish bo‘yicha tezkor qaror qabul qilish, temir yo‘l uchastkasidagi oraliq stansiyalariga vagonlarni bir maromda va izchil etkazib berishni bashoratlash va tahlil qilish imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish