Nazarova Shahnoza Ibadullaevnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq ertaklarida sinov motivlarining genezisi va poetikasi», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil113.

Ilmiy rahbar: Turdimov Shomirza Ganievich, filologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.

Rasmiy opponetlar: Yormatov Isomiddin Turg‘unovich, filologiya fanlari doktori; Qayumov Olimjon Sadriddinovich, filologiya fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: sinov motivlarining o‘ziga xos tabiati, tabiat kuchlari, fetishizm, totemizm, animizmga oid mifologik tasavvurlar, shuningdek marosim fol`klori bilan aloqadorlikdagi genezisi, xalq ertaklari syujetida taqiq, shart, shartlashishdan iborat muhim halqa sifatidagi kompozision va badiiy-estetik vazifalari, poetik xossalari, ma’no qirralari mohiyatini ochib berish hamda ilmiy tasnifini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

sinov motivlari epik syujetning muhim halqalaridan biri ekanligi, mifologik tasavvurlar hamda qadimgi marosim fol`klori bilan aloqadorlikda kelib chiqqanligi ochib berilgan;

sinov motivlarining taqiq, shart va shartlashuvdan iborat syujet unsurlari majmui ekanligi, har bir fol`klor janrida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishi asoslangan;

sinovning shartlashish turi fol`klorshunoslikda ilk bor alohida tip sifatida ajratilgan va nomlangan, uning o‘ziga xos xususiyatlari va xossalari aniqlangan;

taqiq va shartlarning, asosan, voqealar avvali hamda rivojida, shartlashishlarning voqealar boshi, rivoji hamda yakunida bo‘lishi, sinov motivlarining homiyga yo‘liqish, safar, tutqunlik, o‘lim va qayta tirilish motivlari bilan bog‘liqligi asoslangan;

taqiq, shart va shartlashishlarning o‘z poetik juftlariga egaligi hamda semantik turlari aniqlangan;

sinov motivlarining ertak syujeti o‘zagini hosil qiluvchi va asosiy halqalarni tutashtiruvchi poetik vosita vazifasini bajarishi isbotlangan;

sinov motivlarining epik syujetdagi o‘rniga ko‘ra ertaklar variantliligini yuzaga keltirishi ochib berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

O‘zbek xalq ertaklarida sinov motivlarining genezisi va poetikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

sinov motivlari genezisi, ularning poetik xususiyatlari, badiiy-estetik vazifalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari» fundamental loyihasining 19-jildi («Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi» dostoni)da berilgan xalq dostonlari matni yuzasidan kirish maqola tayyorlash, ilmiy izohlar tuzish, sinov motivlarining o‘ziga xos talqinlari va baxshilar badiiy mahorati bilan bog‘liq jihatlarni yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 iyuldagi FTA-02-11/343-son ma’lumotnomasi). Sinov motivlarining epik tafakkur taraqqiyotini ko‘rsatib berishdagi ahamiyati ilmiy dalillar asosida o‘z isbotini topgan;

21-jild («Yunus pari» dostoni)da berilgan xalq dostonlari matnida kelgan taqiq motivining ma’no qamrovi va poetik xossalarini asoslab berish, loyihadagi matnlar tadqiqida sinov motivlari kompleksiga kiruvchi taqiq, shart, shartlashish kabi terminlardan nazariy istiloh sifatida foydalanish, sinov motivining shartlashish turini fol`klorshunoslikda ilk marotaba ilmiy istiloh sifatida qo‘llangan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 18 iyuldagi FTA-02-11/343-son ma’lumotnomasi). Sinov motivlarining, xususan, shartlashishning alohida motiv sifatida o‘z poetik xossalariga ega ekanligini ilmiy dalillashga imkon bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish