Sheralieva Mashxura Ikromjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hozirgi o‘zbek nasrida kinoya (ijtimoiy-psixologik omillari, poetik tizimdagi o‘rni)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil41.
Ilmiy rahbar: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponetlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xolmurodov Abduhamid, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hozirgi o‘zbek nasridagi kinoyaning o‘ziga xos badiiy-estetik hodisa ekanligini asoslash, kinoyaviy modusdagi asar resepsiyasining davr konteksti bilan aloqasini hamda kinoyaning dialogizm bilan o‘zaro munosabatini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kinoyaning o‘rganilayotgan davr nasrida qahramon xarakteri va shaxsiyati o‘rtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelganligi aniqlangan;
kinoyaviy modusdagi asar resepsiyasining davr konteksti bilan aloqasi ochib berilgan;
davr nasridagi kinoya va sarkazmning munosabat ob’ektiga ko‘ra farqlanishi isbotlangan;
dialogizm va intertekstuallik voqelikka kinoyaviy munosabat ifodalovchi vosita ekanligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Hozirgi o‘zbek nasridagi kinoyaning xususiyatlarini ochib berish jarayonida ma’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
kinoya nazariyasi va uning milliy nasrdagi xususiyatlariga oid natijalar OT-F8-151 raqamli «Adabiyot ensiklopediyasi» fundamental loyihasida (2010–2012 yy.), jumladan ensiklopediyaning 2-jildida (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 20 yanvardagi FTK-0313/69-son ma’lumotnomasi) foydalanilgan. Ilmiy natijalarning qo‘llanishi kinoyani unga yondosh hodisalar – yumor, sarkazm, satiradan farqlash hamda uning estetik kategoriyalar tizimidagi o‘rnini aniq baholash imkonini bergan;
davr qissachiligidagi kinoyaga oid tahlil natijalari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Nasr kengashi hamda Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi faoliyatida qo‘llangan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2016 yil 2 dekabrdagi 01-03/752-son ma’lumotnomasi). Jumladan, 80-yillar o‘zbek qissalariga oid nazariy xulosalar Nasr kengashi yillik hisobotida 2013 yil qissalarining tahlilida qo‘llangan, natijada qissachilikdagi vorisiylik, an’anaviylik xususiyatlari yoritib berilgan. Kinoya, yumor, sarkazm ilmiy kategoriyalarining moduslar nazariyasi doirasidagi tahlili natijalari yozuvchi kinoyasining ijtimoiy-psixologik asoslari hamda uning badiiy asar poetik tizimidagi o‘rnini aniqlashga imkon bergan.