Ismailov Ravshonbek Alimbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlardan jabrlanganlarda bosh, umurtqa-orqa miya va qo‘l-oyoq jarohatlarini ekspertlik baholash», 14.00.24 – Sud tibbiyoti (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tib1571.
Ilmiy rahbar: Indiaminov Sayit Indiaminovich, tibbiyot fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Baxriev Ibrohim Isomatdinovich, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent; Mukashev Mukambet Sharipovich, tibbiyot fanlari doktori, professor (Qirg‘iziston).
Yetakchi tashkilot: Kuban` davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlardan jabrlanganlarda bosh, umurtqa-orqa miya va qo‘l-oyoq jarohatlarini differensial tashxisotini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlarda bosh, umurtqa-orqa miya va qo‘l-oyoq tuzilmalari zararlanishining tabiati, ko‘lami va shakllanish jihatlari asoslangan holda sud tibbiy tashxisot tizimi takomillashtirilgan;
balandlikdan yiqilishda bosh suyaklarida turli xilli sinishlar va miya lati negizida qattiq parda hamda kalla yumshoq to‘qimalari zararlanishi, umurtqa-orqa miya tuzilmalarining ikki yoki undan ortiq qismida kompression sinishlar shakllanishi, bilak va son suyaklarida esa epifizar-diafizar siljib sinishlar hamda tovon suyagida parchalanib sinishlar ustunlik qilishi isbotlangan;
avtomobillarning piyodalar bilan to‘qnashuvida asosan bosh va qisman yuz suyaklari sinishlari hamda miya lati negizida qattiq parda va kalla yumshoq to‘qimalari butunligi saqlanishi, bo‘yin-ko‘krak umurtqalarida distraksion va rotatsion sinishlar orqa o‘simtalar zararlanishi hamda umurtqa pog‘onasini ajralishi bilan kuzatilishi, boldir, son suyaklarida diafizar parchalanib sinishlar yuqori darajada bo‘lishi asoslangan;
haydovchilarda chap tomonlama gumbaz va yuz suyaklarida sinishlar hamda miya lati negizida qattiq parda va kalla yumshoq to‘qimalar butunligini saqlanishi, umurtqa-orqa miya tuzilmalarida bo‘yin, ko‘krak yuqori qismi va bel sohalari rotatsion tarzda zararlanishi, elka, bilak va son suyaklarida diafizar siljib sinishlar shakllanishining tashxisotdagi ishonchliligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlardan jabrlanganlarda bosh, umurtqa-orqa miya va qo‘l-oyoq jarohatlarini ekspertlik baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlardan jabrlanganlarda bosh, umurtqa-orqa miya jarohatlarini ekspertlik baholash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «To‘mtoq vositalar ta’sirida umurtqa-orqa miya jarohatlarida sud-tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 martdagi 8n-r/265-son ma’lumotnomasi). Natijada to‘mtoq mexanik vositalardan jarohatlanishlar bo‘yicha sud-tibbiy tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi takomillashtirish imkonini bergan;
turli xildagi to‘mtoq jarohatlanishlardan jabrlanganlarda qo‘l-oyoq jarohatlarini ekspertlik baholash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «To‘mtoq vositalar ta’sirida uzun naysimon suyaklar sinishlari sud-tibbiy ekspertizasida diferensial tashxisot mezonlarini aniqlash usullari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 martdagi 8n-r/264-son ma’lumotnomasi). Natijada jarohatlanishlar oqibatlari bo‘yicha ma’lumotlar sud-tergov organlari tomonidan asoslangan xulosalar qilish va turli xildagi qo‘shma jarohatlanishlarni tahlil qilish imkonini bergan.
Jarohatlanishlar tabiati, ko‘lami va joylashish o‘rni bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazining Buxoro, Sirdaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari filiallarining morfologiya va ambulatoriya bo‘limlari amaliyotiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 6 apreldagi 8n-d/128-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi sud-tibbiy tekshiruvlar muddatini qisqartirish, iqtisodiy xarajatlarni kamaytirish va tekshiruvlar sifatini takomillashtirish imkonini bergan.