Nurmuhammedova Go‘zalxon Bahodirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning kriminologik tavsifi va ularning profilaktikasini takomillashtirish», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Yu443.
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Hakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Toxirov Farxod, yuridik fanlar doktori, professor; Niyazova Salomat Saparovna, yuridik fanlar doktori, dotsent.  
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqodning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning kriminologik tavsifini tahlil qilish asosida ushbu turdagi jinoyatlar profilaktikasini takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligini ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«korrupsiya» tushunchasi «davlat funksiyalarini bajarishga vakolatli bo‘lgan shaxslar, ularga tenglashtirilgan shaxslarning jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga zid ravishda o‘zining mansab lavozimidan noqonuniy foydalanib o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq harakati yoki harakatsizligi evaziga, shuningdek, ushbu harakatlarni yuridik shaxs nomidan yoxud yuridik shaxs foydasiga bajarish» sifatida takomillashtirilgan;
mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish; xizmat mavqeidan foydalanib aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish; tijoratda pora evaziga og‘dirib olish; nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish; hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish; mansab soxtakorligi; pora olish; pora berish; pora olish-berishda vositachilik qilish; davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish hamda ushbu organlar xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi; jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish; harbiy mansabdorlar (boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning)ning hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi kabi jinoyatlarni korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida tasniflash asoslantirilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlar tasnifidan kelib chiqib, pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravari miqdorigacha bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish asoslantirilgan;
korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar haqida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarga xabar berganlik yoki bunday toifadagi jinoyatlarni tergov qilish yoxud tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda bevosita ko‘maklashganlik uchun shaxs tashakkurnoma yoki esdalik sovg‘a shaklida rag‘batlantirish tarzida taqdirlash hamda esdalik sovg‘a qiymati bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan oshmasligi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning kriminologik tavsifi va ularning profilaktikasini bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
«korrupsiya» tushunchasiga doir konseptual g‘oya va takliflaridan «Korrupsiyaga qarshi kurash: asosiy vazifalar» o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 30 iyundagi 359-son buyrug‘i, 359-215 raqamli guvohnoma). Ushbu taklifning joriy etilishi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlar, professor-o‘qituvchilar, malaka oshirish fakul`teti tinglovchilari, shuningdek korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashuvchi organ xodimlarining bilim, o‘quv va ko‘nikmalarining shakllanishi va rivojlanishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi moddalarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan sodir etilganligidan kelib chiqib korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida tasniflashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizom»ning    3-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 28 maydagi 12/21-28-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi mamlakatdagi kriminogen vaziyatni o‘ta aniqlikda belgilash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirishga xizmat qilgan;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizom»ning 9-bandida aks ettirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 28 maydagi 12/21-28-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning joriy qilinishi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirishning iqtisodiy-huquqiy mexanizmini takomillashtirishga xizmat qilgan;
korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etishda ahamiyatga ega bo‘lgan dalillar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibiga oid takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qarori bilan tasdiqlangan «Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida Nizom»ning 10-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 28 maydagi 12/21-28-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va uni fosh etish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish