Tog‘asharov Ahat Salimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Xlorat tutuvchi samarali defoliantlar sintezi va olinish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T13.
Ilmiy maslahatchi: Tuxtaev Saydiaxral, kimyo fanlari doktori, professor, O‘zR Fanlar akademiyasi akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Namazov Shafoat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor; Usmanov Sultan Usmanovich,texnika fanlari doktori, professor; Xamrakulov Zohidbek Abdusamadovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: natriy xloratning uchkarbamidi, magniy xlorati va uksus, nitrat, limon kislotalarining monoetanolaminli tuzlari hamda etilen hosil qiluvchi moddalar asosida kompleks ta’sir etuvchi g‘o‘za defoliantlarini olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
suv, magniy, natriy xloratlari, karbamid, limon kislotaning dimonoetonolaminli, limon kislotaning ammoniyli tuzlari, nitrat monoetanolamin, atsetat monoetanolamin va etilen hosil qiluvchi moddalar ishtirokidagi sistemalarning eruvchanligi, “tarkib-xossa” va politermik eruvchanlik diagrammalari yaratilgan;
diagrammalarda qattiq fazalar konsentratsiya va haroratga bog‘liq holda kristallanish maydonlari chegaralandi, to‘rtta yangi birikma ajratib olinib, kimyoviy va fizik-kimyoviy usullarda tahlil qilingan va mavjudligi isbotlangan;
paxta tozalash zavodi chiqindisini azot kislotasi yordamida ekstraksiya qilish jarayonining maqbul texnologik ko‘rsatkichlari aniqlangan, unga ko‘ra azot kislotasining konsentratsiyasi 20%, chiqindini kislotaga nisbati 1:10, jarayondagi harorat 50 °S, limon kislotasining eritmaga o‘tish darajasi 4,25% ligi isbotlangan;
magniy xlorati, natriy xloratining uchkarbamidi va fiziologik faol moddalar asosida kompleks ta’sir etuvchi defoliantlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
olingan “O‘zDEF” defoliantining tarkibi kimyoviy va fizik-kimyoviy usullarda tahlil qilingan, unga ko‘ra “O‘zDEF” defolianti tarkibida 32% Mg(ClO3)2, 10% CO(NH2)2, 1,5% NH4NO3 va 0,3% AMEA saqlashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Magniy xlorati, karbamid, ammoniy nitrat, atsetat monoetanolamin va etilen hosil qiluvchi birikmalardan, kompleks ta’sir etuvchi defoliantlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“O‘zDEF” va “O‘zDEF-K” defoliantlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi tomonidan qishloq xo‘jaligida qo‘llash uchun ro‘yxatga olingan: g‘o‘zani sifatli defoliatsiyalovchi “O‘zDEF” defolianti (2008 yil 18 yanvardagi №1A082 raqamli ma’lumotnoma); ko‘saklarni pishib etilib ochilishini ta’minlovchi “O‘zDEF-K” defolianti (2016 yil 18 oktyabrdagi №1A1168 raqamli ma’lumotnoma). Ushbu preparatlarni o‘rta tolali g‘o‘za navlariga 50–60% ko‘saklar ochilganda, defoliant sifatida 6,0–7,0 l/ga miqdorda qo‘llash tavsiya etildi;
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan atrof-muhit muhofazasi va aholi sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (27.01.2016 yil, №012-3/0286). Natijada “O‘zDEF-K” defoliantining o‘tkir zaharlilik ko‘rsatkichi IV sinfga mansubligi hamda faqat teri qatlamlariga o‘ta kuchsiz ta’sir etishi imkonini bergan;
yangi “O‘zDEF” defoliantini olish texnologiyasi “Farg‘onaazot” aksionerlik jamiyatida amaliyotga tatbiq etilib, yangi turdagi yuqori samarali 10481,365 tonna defoliant olingan (“O‘zkimyosanoat” aksionerlik jamiyatining 2017 yil 15 avgustdagi 01/3-4335/P-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za barglarining to‘kilishini va ko‘saklarning pishib ochilishini tezlashtiruvchi defoliant, hozirda ishlatilayotgan suyuq magniy xlorat defoliantiga nisbatan paxtadan 1,8–2,2 s/ga ortiq hosil olish imkonini berdi.