Raxmanov Baxodir Ubaydulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Insonning ruhiy-ma’naviy o‘z-o‘zini tashkillashtirishini falsafiy asoslash” (ontologik va gnoseologik tahlil), 09.00.01–Ontologiya, gnoseologiya va mantiq (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fal1.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.27.06.2017.F.09.02.
Ilmiy rahbar: Turaev Baxtiyor Omonovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Abdullaeva Maxbuba Nurullaevna, falsafa fanlari doktori, professor; Salomova Hakima Yusupovna, falsafa fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: insonning ruhiy-ma’naviy o‘z-o‘zini tashkillashtirish hodisasini sinergetik metodologiya asosida tadqiq etish, o‘tmish allomalarimizning mavzuga doir falsafiy qarashlarini ilmiy muomalaga kiritish va shu orqali barkamol avlodni tarbiyalashga oid amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«insonning o‘z-o‘zini tashkillashtirish» g‘oyasi tarixiy-mantiqiy yondashuv asosida, sinergetik metodlarni qo‘llagan holda tadqiq etilgan, unga yangicha ta’rif va tavsif berilgan;
o‘z-o‘zini tashkillashtirishning xususiyatlari bilan insondagi sifat va mazmun xususiyatlarining mutanosibligi o‘rganilgan;
o‘z-o‘zini tashkillashtiruvchi insonning muhim elementlari aniqlangan, insonning ruhiy-ma’naviy o‘z-o‘zini tashkillashining falsafiy ildizlari tahlil etilgan;
inson tafakkur tarzini yuksaltirishda an’anaviy chiziqli yondashuvning cheklanganligi bilan bog‘liq gnoseologik ildizlar o‘rganilgan; sinergetik metodologiya qonuniyatlari va prinsiplariga tayanib insonning ruhiy-ma’naviy o‘z-o‘zini tashkillashtirish hodisasi asoslab berilgan;
o‘z-o‘zini tashkillashtiruvchi insonning erkin tafakkur yuritishi jarayonida ba’zan barqarorlik muvozanati fluktuatsiyasi oqibatida sub’ektivizm, individualizm, egoizm, proteksionizm singari negativ illatlar vujudga kelishi mumkinligi aniqlanib, bunday residivlarning oldini olish uchun yuksak ma’naviyatning yetakchilik rolini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib berilgan;
Markaziy Osiyo mutafakkirlarining komil inson konsepsiyasini sinergetik tahlil etish natijasida insonning barkamollik darajasini yuksaltiruvchi ruhiy-ma’naviy va jismoniy sog‘lomligining uyg‘unlashuvi (reduksionistik konsepsiyaga ko‘ra) shaxsning o‘z-o‘zini tashkillashtirishi effektivligi oshishiga olib borishi ilmiy asoslangan;
ajdodlarimizning inson ruhiy-ma’naviy o‘z-o‘zini tashkillashtirishi to‘g‘risidagi g‘oya va ta’limotlari sinergetik metodologiya asosida tadqiq etilgan, bu ma’naviy merosning yoshlar milliy o‘zligini anglashida, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim determinant (sababiy asos) bo‘lishi isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
tadqiqot natijalari yoshlarga milliy o‘zlikni anglash, o‘z-o‘zini bilishni o‘rgatish va ularning barkamol avlod bo‘lib kamol topishlari uchun ekspozisiyalarning ekskursiya matnlarini va etiketkalarini yangi ma’lumotlar bilan boyitish asosida Samarqand Davlat muzey qo‘riqxonasi, O‘lkashunoslik muzeylari amaliyotiga tatbiq etilgan. (Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2016 yil 5 maydagi 1067-03-son ma’lumotnomasi). Mazkur tadqiqot natijalariga oid taklif va tavsiyalar 2016–2019 yillarga mo‘ljallangan madaniy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy va targ‘ibot ishlarining ish dasturiga kiritilganligi insonning o‘z-o‘zini tashkillashtirishi to‘g‘risidagi ilk qarashlar va rivojlanish bosqichlarining yoshlar ma’naviy yuksalishi va dunyoqarashini kengaytirishga, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan;
yoshlarning bilimini oshirish va ma’naviyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan bir qancha amaliy ishlarda “Kamolot” YoIH faoliyati doirasida tadqiqotning amaliy natijalaridan erkin tafakkur tarzini shakllantirishga bag‘ishlangan tadbirlarda foydalanilgan (Respublika Yoshlar markazining 2017 yil 25 yanvardagi 7-son ma’lumotnomasi). Bu barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarning rejasiga kiritilgan va mustaqil tafakkur yuritish jarayonida yoshlarimizda tanqidiy, nochiziqli tafakkur tarzi va o‘z-o‘zini tashkillashtirish xususiyatlarini o‘z ichiga olgan ma’naviy ongni shakllantirishga oid taklif va tavsiyalardan foydalanish, barkamol avlodni kamol toptirishning muhim omillari va asoslarini optimallashtirish imkonini bergan.