Ro‘zieva  Mohichehra  Yoqubovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek xalq qo‘shiqlarida  rang simvolikasi», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil10.

Ilmiy rahbar: Jo‘raev Mamatqul, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc 27.06.2017.Fil.46.01.

Rasmiy opponentlar: Shomirza Turdimov, filologiya fanlari doktori; Isomiddin  Yormatov, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.   

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek xalq qo‘shiqlaridagi ranglarning ramziy-badiiy  mohiyati va estetik  vazifalarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

rang bilan bog‘liq ramziyliklarning kelib chiqish asoslari qadimgi mifologik tasavvur-tushunchalar, diniy-e’tiqodiy qarashlar, marosim, urf-odat va  tabular bilan aloqadorligi  aniqlangan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlarida ranglar orqali hayot voqeliklari, inson ruhiy kechinmalari, zamon va makonga, marosim va raqamlarga, irimlarga munosabat ochib berilgan;

ranglar bilan bog‘liq ramziyliklarning turlicha namoyon bo‘lishi, har bir rangning o‘ziga xos badiiy-estetik mohiyat kasb etishi, lirik qonuniyatlar, muayyan hayotiy va badiiy-estetik omillar vositasida obrazlantirilishi  isbotlangan;

rang bilan bog‘liq ramziy obrazlar aniqlanib, ularni obrazlantirishda qo‘llanadigan  lingvopoetik  vositalar  tasnif qilingan;

rang ramziyliklarining yozma adabiyotdagi rang ramziyliklaridan ma’no-mohiyatiga ko‘ra farqli hamda mushtarak xususiyatlari aniqlashtirib berilgan;

o‘zbek fol`klorshunosligida ilk marotaba rang bilan aloqador ramziy obrazlarni tadqiq etishda ruhiy tahlil metodi keng qo‘llanilib, inson ong osti kechinmalarini badiiy obraz va timsollar tarzida ifodalashning badiiy-estetik tamoyillari aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Xalq og‘zaki ijodida rang ramziyliklari va obrazlar tabiatini ochib berish jarayonidama’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida: o‘zbek fol`kloridagi ranglar ramzlari mohiyati yoritib berilgan maqolalar va monografiyada aytilgan  «fol`klor va yozma adabiyot munosabati masalasiga doir» fikrlardan  F-1-06 raqamli «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi»nomli fundamental tadqiqot loyihasining «Fol`klor va yozma adabiyot munosabati, ularning bir-biriga ta’siri masalasini o‘rganish» qismida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 25 yanvardagi FTK-0313/78-son ma’lumotnomasi). Mazkur natijalar xalq og‘zaki ijodidagi rang timsollariga oid badiiy an’analarning yozma adabiyotga ta’siri va fol`klorizmlarning poetik tabiatini belgilovchi o‘ziga xos xususiyatlarini oydinlashtirishga asos bo‘lgan;

«O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari» mavzusidagi F1–FA. 2012–1–8 raqamli fundamental ilmiy loyihani bajarishda, xususan, o‘n oltinchi («Yozi bilan Zebo»), yigirma to‘rtinchi («Gulnor pari»), yigirma ettinchi («Zulfizar»), yigirma sakkizinchi («Malika ayyor») va yigirma to‘qqizinchi («Tarkibadaxshon») jildlarida berilgan xalq dostonlari poetik matnida qo‘llanilgan rang simvolikasi bilan bog‘liq o‘rinlarni tahlil qilishda, xalq dostonlarida qo‘llanilgan epik ot obrazining mifologik asoslarini yoritishda  ko‘k va ola ranglar bilan aloqador xalq inonchlari hamda ular to‘g‘risidagi tasavvurlarning kelib chiqish tarixiga doir ilmiy qarashlar aks etgan «O‘zbek fol`klorida rang simvolikasi» nomli monografiyadagi fikrlardan samarali foydalangan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 25 yanvardagi FTK-0313/78-son  ma’lumotnomasi). Bu esa o‘zbek xalq romanik eposidagi an’anaviy obrazlarning tarixiy asoslarini mifologik tasavvurlar bilan bog‘liq holda tahlil qilish va davr ijtimoiy munosabatlarining epik syujetga ta’sirini keng ko‘lamda yoritish imkonini bergan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish