Andaniyazova Dilrabo Ro‘ziqulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Badiiy matnda onomastik birliklar lingvopoetikasi», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil1.
Ilmiy rahbar: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Suyun Amirovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: badiiy matndagi onomastik birliklarni lingvopoetik tamoyillar asosida tasnif va tavsif qilish hamda ularning poetik aktuallashuvini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
onomastik birliklarning badiiy matnda muayyan ob’ekt nomini atab kelish bilan birga ijodkorning turli badiiy niyatlariga ham xizmat qilishi aniqlangan;
onomapoetikada turli shakllarda qo‘llanilayotgan terminlarni tartibga solish yuzasidan aniq xulosalar ilgari surilgan hamda mazkur sohaning terminologik apparati shakllantirilgan;
o‘zbek tilshunosligida ilk marta onomastik birliklar lingvopoetikasining tadqiqi bilan bog‘liq «poetonim», «antropoetonim», «topopoetonim», «zoopoetonim», «onomastik metafora», «so‘zlovchi nom» kabi terminlarning mohiyati yoritib berilgan;
antroponim va toponimlarning onomastik metafora, allyuziv nom, «so‘zlovchi nom» kabi lingvopoetik vazifalari aniqlangan;
onomastik birliklarda o‘zbek millati mentalitetiga xos jihatlar, uning tafakkur tarzi o‘z aksini topishi faktik materiallar asosida dalillangan;
metaforaning onomastik birliklar vositasida hosil bo‘luvchi ko‘rinishi – onomastik metaforaning o‘zbek tilidagi badiiy matnlarda lingvopoetik vosita sifatida voqelanishi misollar asosida ochib berilgan;
allyuziv va «so‘zlovchi nom»larning badiiy matndagi o‘rni va ahamiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Badiiy matnda onomastik birliklarning lingvopoetik xususiyatlari tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot davomida ilmiy asoslangan onomastik birliklar badiiyati bilan bog‘liq o‘zbek tilshunosligida ilk marta qo‘llanilgan «onomapoetika», «poetonim», «antropoetonim», «topopoetonim», «badiiy matnning onomastik ko‘lami», «onomastik metafora» kabi terminlar, badiiy matnda mustaqillik yillarida faol qo‘llanayotgan Alpomish, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Barchin, To‘maris, Humo kabi nomlarning o‘zbek milliy mentalitetini yoritishdagi ahamiyati hamda badiiy matndagi o‘rniga oid nazariy xulosalar FA–F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari» (2012–2016) nomli fundamental loyihaga tatbiq etilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 5 maydagi FTK-0313/519-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek tili terminlar tizimi boyigan, nomlarning ramziy ma’nolari ochib berilgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Assalom, O‘zbekiston», «Umr ziynatlari», «Sharqona maskan», «Teran ildizlar», «Til ziynati» ko‘rsatuvlari hamda «Qadriyat» eshittirishida ushbu ko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallar tadqiqotchi tomonidan tavsiya etilgan nomlar badiiyati, o‘zbek xalqining farzandga ism qo‘yish bilan bog‘liq ayrim mulohazalari, nom qo‘yish madaniyati, rasmiy hujjatlarda ismlarni to‘g‘ri yozishga e’tibor berish kabi fikrlari bilan boyitilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2017 yil 5 iyuldagi 05-15/2892-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlar ushbu masalalar yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘lgan;
tadqiqot natijasi sifatida olingan xulosalar turkiyshunoslik tajribasida yangi turdagi leksikografik ishlardan biri sifatida tayyorlangan «O‘zbek tili poetonimlarining izohli lug‘ati»ga joriy qilingan va unda 200 dan ortiq onomastik birliklarning lingvopoetik va lingvokul`turologik xususiyatlari izohlab berilgan. Mazkur lug‘atdan fan va ta’lim tizimida nomlarning badiiy asarlarda tutgan o‘rnini o‘rganishda foydalanilmoqda.