Matyaqubova Elmira Umrbekovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za genofondi asosida G.barbadense L. turiga mansub istiqbolli boshlang‘ich manbalar yaratish”, 06.01.05- seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Qx452.
Ilmiy rahbar: Xalikova Maloxat Babamuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar Babaev Yashin Amanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim; Xolmurodova Go‘zal Ro‘zievna, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘zaning G.barbadense L. turiga mansub jahon kolleksiyasi namunalarini o‘rganish natijasida yuqori va barqaror ko‘rsatkichli ashyolarni tanlash, ularni duragaylash orqali olingan yangi genetik shakllarda belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligini tadqiq qilish orqali istiqbolli boshlang‘ich manbalar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘o‘zaning jahon genofondidagi G.barbadense L. turiga mansub istiqbolli namunalarni har tomonlama o‘rganish asosida tola sifati va boshqa qimmatli-xo‘jalik belgilari majmui bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichli shakllar ajratilib, ular ishtirokida yangi genetik tarkibli rekombinant tur ichi F1-F2 o‘simliklari olingan hamda belgilarning shakllanishi irsiylanish va o‘zgaruvchanlik qonuniyatlari orqali asoslangan;
G.barbadense L. turiga mansub kolleksiya namunalari ishtirokida olingan tur ichi duragaylar ichidan tola uzunligi, tola chiqimi, ko‘sak vazni bo‘yicha o‘zgaruvchanlik ko‘lami keng bo‘lgan transgressiv o‘simliklar ajratilgan, oilalar tanlab olingan, nasldan-naslga berilish koeffisienti asosida tanlov yo‘nalishi belgilangan va samaradorligi ilmiy asoslangan;
oldingi tadqiqotlarda G.barbadense L. turiga mansub navlar va introgressiv tizmalar ishtirokida olingan duragaylarning F3-F4 avlodlari o‘rganilib, ularda seleksion-genetik baholash, belgilarning shakllanishida tanlovlarning ahamiyati asoslangan;
yuqori potensialli oilalarni ajratish natijasida asosiy xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lgan TTB-1 va TTB-2 tizmalari yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za genofondi asosida G.barbadense L. turiga mansub istiqbolli boshlang‘ich manbalar yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
tezpisharligi 110,0-112,0 kun, tola chiqimi 36,0-38,1%, tola uzunligi 38,5-42,2 mm bo‘lgan ingichka tolali kolleksiya namunalari qimmatli-xo‘jalik belgilarining namoyon bo‘lishi, barqarorligi bo‘yicha sinovdan o‘tkazilishi natijasida ularda belgilarning kam o‘zgaruvchan ekanligi tasdiqlanib boshlang‘ich manba sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 02/020-4662-son ma’lumotnomasi). Natijada yaratilgan duragaylar hosildorligi 3,0-4,2 s/ga ni (samaradorlik 10,0-12,0%) tashkil etib, tola sifati bo‘yicha 12,0-15,0 % yuqori samaradorlikka erishilgan;
barqaror ko‘rsatkichli boshlang‘ich ashyolar ishtirokida F1-F2 o‘simliklari sintez qilingan va ularda ijobiy belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi seleksion-genetik asoslangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 02/020-4662-son ma’lumotnomasi). Natijada F2 o‘simliklari orasidan tola uzunligi 38,0-43,2 mm, tola chiqimi 35,0-38,0%, ko‘sak vazni 3,3-3,8 g bo‘lgan o‘simliklar tanlab olingan;
introgressiv shakllar hamda Pima S4 va Termiz-31 nav namunalari ishtirokida olingan, tola sifati Ia, Ib tiplarga mansub bo‘lgan TTB-1, TTB-2 tizmalari sinovdan o‘tkazilganda iqtisodiy samaradorlikning ortishi qayd qilinib, hosildorlik bo‘yicha 4,0-4,5 s/ga, tola sifati bo‘yicha 14,0-15,5% yuqori samaradorlikka erishilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 16 martdagi 4/1255-791-son ma’lumotnomasi). Natijada bu tizmalarning urug‘lari “G‘o‘za kolleksiyasi noyob ob’ekti”ga taqdim etilgan. Ular g‘o‘za kolleksiyasini boyitish bilan birga “Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” ustuvor yo‘nalishidagi fundamental va amaliy loyihalarda boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanish imkonini bergan.