Muxsimov Shavkat Sunnat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tortish elektr ta’minoti qurilmalarining boshqaruv tizimlari uchun diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatorlari», 05.01.06 – «Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1111
Ilmiy rahbar: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Abduqayumov Abdurashid Abduqayumovich, texnika fanlari doktori, professor; Sattarov Xurshid Abdishukurovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA energetika muammolari instituti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tok transformatorlarining funksional imkoniyatlarini ular diapazonini avtomatik rostlash orqali kengaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tok transformatorlari diapazonlarini magnit o‘zakda hosil qilinadigan o‘zaro qarama-qarshi yo‘nalgan magnit yurituvchi kuch qiymatlarini avtomatik rostlash hisobiga kengaytirish usuli ishlab chiqilgan;
diapazonlarining barcha qismlarida tok qiymatini yuqori aniqlikda o‘lchash imkoniyatini berishi va diapazoni avtomatik rostlanishi bilan farq qiluvchi tok transformatorlarining past va yuqori kuchlanishda ishlashga mo‘ljallangan konstruksiyalari ishlab chiqilgan;
tok transformatorining o‘lchash diapazonlarini avtomatik rostlash imkoniyatini beruvchi va ish rejimi magnit o‘zak to‘yinishi natijasida ikkilamchi chulg‘amda hosil bo‘ladigan kuchlanishning yuqori garmonika tashkil etuvchisi qiymatini asosiy garmonika tashkil etuvchisi qiymatiga nisbatan taqqoslashga asoslangan sxema ishlab chiqilgan;
diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatorining statik va dinamik tavsiflarini tadqiq etish imkoniyatini beruvchi ularning ferromagnit o‘zak asosiy magnitlanish egri chizig‘i nochiziqligini, o‘zakdagi aktiv isroflarni hamda yuklama xarakterini hisobga olish imkoniyati mavjudligi bilan farq qiluvchi matematik va kompyuter modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tortish elektr ta’minoti qurilmalarining boshqaruv tizimlari uchun diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatorlari va ularning elektromagnit zanjirlarini takomillashtirilgan hisoblash usuli asosida:
diapazonlarining barcha qismlarida tok qiymatini yuqori aniqlikda o‘lchash imkoniyatini berishi va diapazoni avtomatik rostlanishi bilan farq qiluvchi tok transformatori «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasiga qarashli «Chuqursoy» tortuvchi nimstansiyasida joriy qilingan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2021 yil 11 martdagi 01/909-21-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng o‘zgartirish diapazonida aniqligi yuqori bo‘lgan ishlab chiqilgan o‘zgartirish diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatori tortish elektr ta’minoti tizimidagi katta toklarni 7% yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini bergan;
katta toklarni o‘zgartiruvchi, diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatorlari uchun ishlab chiqilgan matematik modellar va o‘zgartirish diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatori magnit materiali asosiy magnitlanish egri chizig‘ining nochiziqligini inobatga olish usuli «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasining «Chuqursoy» tortish nimstansiyasida joriy qilingan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2021 yil 11 martdagi 01/909-21-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaratilgan o‘zgartirish diapazoni avtomatik rostlanuvchi tok transformatorlari qo‘llanilgan tortish elektr ta’minoti qurilmalari boshqarish tizimining aniqligini 2% ga oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish