Haydarov Izzatilla Maxmutalievichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston sanoatining Sovet Ittifoqi yagona xalq xo‘jaligi kompleksidagi o‘rni (1945-1991 yy.)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2019.4.DSc/Tar83.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Rahbarxon Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01. 
Rasmiy opponentlar: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor; Oblomuradov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor; Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1945-1991 yillarda O‘zbekiston sanoatining sovet ittifoqi yagona xalq xo‘jaligi kompleksida tutgan o‘rnini va unda yuzaga kelgan ziddiyat va muammolarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
sovet hokimiyatining mustamlakachilik siyosatiga asoslangan markazlashtirilgan va ma’muriy-buyruqbozlik boshqaruvi doirasida XX asrning 70-yillarida O‘zbekiston SSRdagi sanoat ishlab chiqarishining 95%iga ittifoq, ittifoq-respublika, 5%iga respublika ministrliklari rahbarlik qilgan bo‘lsa, 80-yillarga kelib butun sanoat ishlab chiqarishning asosiy 80%iga ittifoq va ittifoq-respublika ministrliklari rahbarlik qilganligi oqibatida respublika ittifoq ministrliklarining mo‘may xom ashyo manbaiga aylantirilganligi asoslangan;
O‘zbekiston SSRda ishlab chiqarilgan mahsulotlar (paxta tolasi, to‘qimachilik matolari, paxtachilik mashinalari va b.) turli qit’alardagi 58 ta mamlakatga, shuningdek, o‘tga chidamli metallarning besh xili (molibden o‘ramlari, kukunlar, qattiq qotishmalar, vol`fram qorishmalari va karbiti) Ruminiya, Vengriya, Finlyandiya, Yugoslaviya, Bolgariya, GDR, Kanada, Koreya, V`etnam, Afg‘oniston va Mongoliya davlatlariga (markaz orqali) eksport qilinganligi aniqlangan;
sovet hukumati tomonidan O‘zbekistonning rangli va nodir metallar konlarini faol o‘zlashtirilgani, aslida, bu metallar sovet davlati uchun muhim strategik ahamiyatiga ega bo‘lgan sanoatining yetakchi tarmoqlarini jadal rivojlanishi va eksport potensialining muhim bandini tashkil etganligi uchun respublikadan topilgan zahiralar asosida yangi rangli metallurgiya zavodlarining ishga tushirilganligi va bu korxonalar markaz nazorati ostida faoliyat yuritganligi dalillangan;
O‘zbekiston SSR sanoatining bir tomonlama rivojlanishi oldindan belgilab qo‘yilganligi, asosan xom ashyoni tayyorlash, qadoqlash hamda tashishga xizmat qiluvchi korxonalar tizimidan iborat qilib qo‘yilganligi oqibatida sanoat ishlab chiqarishning muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlari pasayib, respublikadagi yalpi sanoat mahsulotlarining o‘rtacha yillik o‘sishi muntazam ravishda tushib, inqirozga yuz tutib borganligi dalillangan;
O‘zbekiston SSR sanoatiga mahalliy millat vakillaridan ishchi kadrlar tayyorlash va mavjud mehnat resurslarini ijtimoiy ishlab chiqarishga jalb etish masalalarini o‘z vaqtida hal etilmaganligi, yuqori malakali injener-texnik xodimlarni boshqa respublikalardan olib kelinishi oqibatida, sanoat boshqaruvida milliy kadrlarga sun’iy ravishda yo‘l berilmay boshqaruv va mutaxassis kadrlarga tobe qilib qo‘yilganligi, respublikadagi mehnatkashlardan esa, asosan oddiy ishchi sifatida foydalanilganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1945-1991 yillarda O‘zbekiston sanoatining Sovet Ittifoqi yagona xalq xo‘jaligi kompleksidagi o‘rnini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida: 
sobiq sovet davlatining yagona xalq xo‘jaligi kompleksini mustahkamlash, barcha ittifoqdosh respublikalarni bir majmuaga bog‘lash, O‘zbekiston sanoatining bir tomonlama rivojlanish xususiyatlari, O‘zbekiston xalq xo‘jaligining asosan paxtachilik, shu bilan birga, ipakchilik, qorako‘lchilik va mevachilikka ixtisoslashgani haqidagi natijalardan “O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi” darsligining “Sovet hukmronligi davrida O‘zbekistonda davlat qurilishi va boshqaruvi” mavzuini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil  1 maydagi 89-03-1615–son dalolatnomasi). Natijada bu talabalarga sovet davlatining xalq xo‘jaligini boshqarishda respublika manfaatlarini hisobga olmagani, O‘zbekistonning imkoniyatlari, uning mehnat resurslari, mehnat taqsimoti shakllari e’tibordan chetda qolgani, ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlarni o‘zlashtirishiga imkon bergan; 
ittifoqning yagona xalq xo‘jaligi kompleksi doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchi kuchlarning joylashtirilishi, yangi konlar va ishlab chiqarish korxonalarining barpo etilishi, geologik qidiruv ishlari va ularning natijalariga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi “Geologiya muzeyi” ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat Qo‘mitasining 2018 yil 13 iyundagi 04/14-son ma’lumotnomasi). Natijada bu hol muzeyga tashrif buyuruvchilarning O‘zbekistondagi mavjud konlar va ulardan sovet davlati hukmronligi yillarida foydalanish yo‘llari hamda qazib olingan qimmatbaho metallar haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishiga imkon bergan; 
O‘zbekiston iqtisodiy rayonlari orasida Farg‘ona iqtisodiy rayonining o‘rni, undagi sanoat korxonalarining nooqilona joylashtirilishi, uning oqibatlari hamda Farg‘ona va Oltiariq neftni qayta ishlash zavodi, Andijon, Farg‘ona gidroliz zavodlari, to‘qimachilik kombinatlarida rejalashtirishning ko‘p bosqichli, g‘oyat murakkab holda olib borilganligini isbotlovchi ma’lumot va xulosalardan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Andijon viloyati sovet hokimiyati tuzimi davrida” ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 19 apreldagi 01-11-10-2732 – son ma’lumotnomasi). Natijada bu ma’lumotlar muzeyga tashrif buyuruvchilarning Andijon viloyatida faoliyat yuritgan sanoat korxonalari,  konlar va ulardan sovet davlati yillarida foydalanish yo‘llari haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishga imkonini yaratgan;
Farg‘ona iqtisodiy rayoni tarkibida bo‘lgan Namangan viloyatida yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi, ularning boshqarilishi jarayonida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ochib berishga qaratilgan manbalar va ilmiy xulosalardan Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 19 apreldagi 01-11-10-2732 – son ma’lumotnomasi). Natijada bular ushbu muzeylarga tashrif buyuruvchilarda Namangan viloyatidagi sanoat korxonalarining tarixi, sovetlarning xalq xo‘jaligini boshqarish tizimining xususiyatlari hamda uning salbiy oqibatlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishishiga imkon bergan;
XX asr 20-80-yillarida O‘zbekistonda olib borilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy o‘zgarishlarning mohiyati, sovet tuzumining xalq xo‘jaligi ustidan umumiy rahbarlik qilishining maqsadi, amaliyoti va oqibatlari, jumladan, Ikkinchi jahon urushidan keyingi qayta tiklash yillarida o‘zbek xalqining fidokorona mehnati, 80-yillarning ikkinchi yarmida jamiyatda tanglik holatining kuchayishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan IFA2012-1-4 “O‘zbekistonning sovet davri tarixi (1917-1991 yillar). 2-jild” mavzuidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 1 maydagi 89-03-1614 – son dalolatnomasi). Bu sovet davrida o‘tkazilgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni birlamchi manbalar asosida chuqurroq yoritib berishga imkon yaratgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish