Peremkulov Jamshid Allaerovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XX asr o‘rtalari – XXI asr boshlarida Toshkent viloyati sanoat shaharlari tarixi”. 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2021.1.PhD/Tar140.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc 02/30.12.2019.Tar.56.01.
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Murtazaeva Rahbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor; Rahmatullaev Shavkat Muhammadalievich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatidagi Angren, Olmaliq, Bekobod hamda Chirchiq shaharlari tarixini o‘rganish orqali XX asr o‘rtalari – XXI asr boshlarida O‘zbekistonning sanoat shaharlarida kechgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr o‘rtalarida Toshkent viloyati sanoat shaharlarining shakllanishi va rivojlantirilishida hududning tabiiy resurslarini tasarruf etish asosiy o‘rin tutganligi, asosan mustabid sovet davlatining boshqa hududlariga mahsulot va xomashyo etishtirib berishga ixtisoslashtirilganligi, ishlab chiqarish va daromadlar bevosita markaz tasarrufida bo‘lganligi asoslab berilgan;
iqtisodiy jihatdan markazga qaramlik, xususan, ishlab chiqarish rejalari va daromadlari to‘liq markaz tasarrufida bo‘lganligi, shahardagi ijtimoiy infratuzilmalarni qurish va ta’minlash esa yirik sanoat birlashmalari zimmasiga yuklatilganligi, yuqori malakali mahalliy kadrlar etishtirishga e’tibor qaratilmay, markaziy respublikalardan olib kelinganligi keyinchalik bu masalalarda juda katta etishmovchilik va turg‘unlikka olib kelganligi dalillangan;
XX asrning 80-yillar oxiri – 90-yillar boshida ishlab chiqarishda turg‘unlik yuzaga kelgan sharoitda shaharlardagi sanoat birlashmalariga bog‘lab qo‘yilgan ijtimoiy infratuzilmalar faoliyati to‘xtab qolganligi, kelgindi va mahalliy aholining katta qismi shaharlarni tark etishiga olib kelganligi, kadrlar etishmovchiligi esa, keyinchalik bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida ham o‘z asoratlarini berganligi, iqtisodiy tanglikning uzoq davom etishiga sabab bo‘lganligi yoritib berilgan;
islohotlarning yangi bosqichida shaharlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining qabul qilinishi sanoat ishlab chiqarishi modernizatsiyasi, kichik sanoat zonalarining tashkil etilishi, xorijiy investisiyalarning jalb etilishi natijasida ishlab chiqarish kengayib, aholi sonining o‘sib borganligi, ishsizlik muammosining qisman hal qilinganligi, ijtimoiy-madaniy infratuzilmalar faoliyati tiklanib, shahar aholisi uchun qulay maskanlarga aylanib borayoganligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr o‘rtalari – XXI asr boshlarida Toshkent viloyati sanoat shaharlari tarixi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
mustaqillik yillarida Toshkent viloyati shaharlarida sanoat ishlab chiqarish modernizatsiyasi, kichik sanoat zonalarining tashkil etilishi, xorijiy investisiyalarning jalb etilishi, ishlab chiqarishning kengayishi, aholi sonining o‘sib borishi, aholini ish bilan ta’minlash masalasining qisman hal qilinganligi, ijtimoiy infratuzilma muammolariga e’tibor qaratilganligi, shaharlarning yashash uchun qulay maskanlarga aylanitirish bilan bog‘liq masalalarga oid ma’lumotlardan F1-FA-0-11986 raqamli “O‘zbekiston shaharlar tarixi: an’analar, urbanizatsiya va transformatsiya jarayonlari (eng qadimdan hozirgacha)” mavzusidagi fundamental loyihasi doirasida foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 23 senyabrdagi 3/1255-1977-son ma’lumotnomasi) Keltirilgan ma’lumotlar mustaqillik yillarida olib borilgan shaharsozlik sohasidagi islohotlarni ochib berishga xizmat qilgan.
Toshkent viloyati sanoat shaharlarining iqtisodiy jihatdan markazga qaramlik shaharlar aholisining ijtimoiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi, xususan, daromadlar markaz tasarrufida bo‘lgani holda ijtimoiy infratuzilmalar xarajatlarning yirik korxonalar zimmasiga yuklatilganligi, korxonalarning malakali mutaxassislarini asosan chetdan kelgan aholi tashkil etganligi, mahalliy kadrlar etishtirishga e’tibor qaratilmaganligi kabi masalalar bilan bog‘liq ma’lumotlardan “O’zbekiston tarixi” telekanali “Taqdimot” ko‘rsatuvining “Toshkent viloyati sanoat shaharlari tarixi” sonini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 19 noyabrdagi 02-40-2394-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi sovet davridagi shaharsozlik siyosati masalalarini yoritishga xizmat qilgan.
XX asr o‘rtalarida Toshkent viloyati sanoat shaharlarining shakllanishi va rivojlanishida hududning tabiiy resurslarini tasarruf etish asosiy o‘rin tutganligi, asosan mustabid sovet davlatining boshqa hududlariga mahsulot va xomashyo etishtirib berishga ixtisoslashtirilganligi, ishlab chiqarish va daromadlar bevosita markaz tasarrufida bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlardan “O’zbekiston 24” telekanali “Buyuk g‘alabaga buyuk xissa” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 18 avgustdagi 04-15/2281-son ma’lumotnomasi). Keltirilgan ma’lumotlar Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonning front extiyojlariga xizmat qilishida Toshkent viloyatidagi tog‘-kon sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati, O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan yirik sanoat korxonalari va aholi ko‘chirish siyosatini ochib berishga xizmat qilgan.