Pulatov Dilshod Haqberdievichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti g‘azna ijrosini takomillashtirishning metodologik jihatlari», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Iqt.2.

Ilmiy maslahatchi: Xamidulin Mixail Borisovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017.I.16.01.

Rasmiy opponentlar: Haydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Eshnazarov To‘lqin Sheralievich, iqtisodiyot fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II.Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti g‘azna ijrosining metodologik jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

«byudjet tashkiloti», «byudjet mablag‘lari oluvchi», «byudjet ijrosiga kassa xizmatini ko‘rsatish», «davlat xaridlari», «byudjet tasnifi» tushunchalarini aniqlashtirish orqali Davlat byudjeti mablag‘lari hisobini yuritish va samarali ishlatilishining ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minoti takomillashtirilgan;

g‘aznachilik organlari faoliyati samaradorligini oshirish bilan bir qatorda Davlat byudjeti mablag‘larini boshqarishni optimallashtirish imkonini beradigan, davlat byudjeti g‘azna ijrosi jarayonida yuzaga keladigan moliyaviy munosabatlar ilmiy asoslab berilgan;

zamonaviy texnologik va texnik majmualarni qo‘llash hisobiga byudjet tizimi byudjetlarining daromadlarini davlat byudjeti g‘azna ijrosi bilan qamrab olish taklifi asoslangan;

byudjetdan mablag‘ oluvchilar barcha bo‘g‘inlarining davlat byudjeti g‘azna ijrosiga to‘liq o‘tishi, yopiq (maxfiy) tavsifga ega bo‘lgan xarajatlarni o‘ziga xos tartibini hisobga olgan holda davlat moliyasini boshqarish jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar asoslab berilgan;

byudjet mablag‘i oluvchilarning pasportlari loyihasi, elektron ma’lumotnomasi, uslubiy qo‘llanma va dasturiy majmuani o‘z tarkibiga oluvchi innovatsion ishlanma yaratilgan;

O‘zbekistondagi moliyaviy munosabatlarni isloh etishning hozirgi bosqichi xususiyatlari hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalaridan kelib chiqqan holda davlat byudjeti g‘azna ijrosini takomillashtirishning metodologik asoslari ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Dissertatsiya ishining ilmiy takliflari va amaliy tavsiyalari asosida:

O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksini tayyorlash jarayonida tadqiqotchi tomonidan taklif etilgan «byudjet tashkilotlari», «byudjet mablag‘lari oluvchilar» tushunchalarining ilmiy-uslubiy ishlanmalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan amaliyotga joriy etish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasining 2010 yil 9 noyabrdagi 04/1-13-228-son ma’lumotnoma). Mazkur ishlanmalar 2013 yilda qabul qilingan Byudjet kodeksining 4- va 5-moddalariga kiritilgan;

davlat mulki, energiya resurslari, asosiy vositalar va kam qiymatli qimmatliklar hisobini yuritish bo‘yicha byudjet tashkilotlarining maxsus dasturiy majmualari va pasportlari shakllarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi taklif amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi o‘quv markazining 2015 yil 30 martdagi BA/41/1-302/167-son ma’lumotnomasi). Natijada bir yil davomida davlat byudjeti kassa xarajatlarini 5 foizdan ortiq miqdorda tejash imkonini berdi;

zamonaviy texnologik va texnik majmualarni qo‘llash hisobiga byudjet tizimi byudjetlarining daromadlarini davlat byudjeti g‘azna ijrosi bilan qamrab olish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2016 yil 5 maydagi JK/31-01/1-32-09/908-son ma’lumotnomasi). mazkur taklifning amaliyotda qo‘llanilishi Davlat byudjeti 25–40 mlrd. so‘m miqdoridagi daromadining yagona g‘aznachilik hisob raqamiga kelib tushishini o‘rtacha 3 kunga tezlashtirish imkonini berdi;

turli darajadagi byudjetlar, xususan, respublika va mahalliy byudjetlar, davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlar vakolatlarini belgilash bo‘yicha tavsiyasi «O‘zbekiston Respublikasida Byudjet tizimini isloh qilish loyihasi» joriy qilingan (BMT «O‘zbekiston Respublikasida Byudjet tizimini isloh qilish loyihasi» Taraqqiyot dasturining 2014 yil 20 martdagi BSR/04.03.14/09-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir byudjet bo‘g‘inining xarajatlar vakolatlarini to‘liq ta’minlashga bo‘lgan qiziqishi ortdi;

2011–2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining O‘quv markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida «Pasportlashtirish» dasturiy majmuasi loyihasining innovatsion tarkibiy qismlari bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilgan (Moliya vazirligi G‘aznachiligining 2012 yil 20 dekabrdagi №BA/48/14-1057/971-son ma’lumotnomasi):

a) davlat mulki, energiya resurslari, asosiy vositalar va kam qiymatli qimmatliklar hisobi bo‘yicha byudjet mablag‘i oluvchilarning pasportlari loyihasi ishlab chiqilgan. Bundan byudjet parametrlarini ishlab chiqishda, davlat xaridlarining samaradorligi va ularni takomillashtirishni tahlil qilish, normativ hujjatlarni ishlab chiqishda foydalanish mumkin;

b) byudjet mablag‘lari oluvchilarning Elektron ma’lumotnomasi, ma’lumotlar to‘plami ishlab chiqilgan;

v) «Pasportlashtirish» dasturiy majmuasidan foydalanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan;

g) krossformalilikni ta’minlovchi zamonaviy VEB (Prime Faces) texnologiyalardan foydalanilgan JAVA dasturlashtirish tilida kod hajmi PK-10 Mb bo‘lgan dasturiy majmua foydalanishga topshirilgan;

O‘zbekistondagi moliyaviy munosabatlarni isloh etishning hozirgi bosqichi xususiyatlari hamda rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalaridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti g‘azna ijrosini takomillashtirishning metodologik asoslari «G‘aznachilik» darsligiga kiritilgan (ISBN 978-9943-4365-8-9).

Yangiliklarga obuna bo‘lish