Daliev Sherzod Karshievichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Er osti suvlarining sathi va minerallashuvi o‘zgarishini bashorat qilish uchun geofil`tratsiya jarayonlarini sonli modellashtirish», 05.01.07 – «Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2020.2.PhD/T1572.
Ilmiy rahbar: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Nazirova Elmira Shodmonovna, texnika fanlari doktori, dotsent, Boltibaev Shuxratjon Komiljanovich, PhD. 
Yetakchi tashkilot nomi: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: er osti sizot va bosimli suvlari sathi hamda minerallashuvi o‘zgarishini bashorat qilish uchun matematik modellar, sonli algoritmlari va dasturiy majmuani ishlab chiqish hamda takomillashtirishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
tashqi omillar va bug‘lanishni tavsiflovchi funksional bog‘lanishlar hamda g‘ovaklikni hisobga olgan holda er osti sizot va bosimli suvlari sathi o‘zgarishi jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan;
quduqlarning quvvati (debitni) va chiziqli bo‘lmagan uchinchi tur chegaraviy shartlarni hisobga olgan holda er osti sizot va bosimli suvlari sathi o‘zgarishi jarayonining matematik modeli takomillashtirilgan;
er osti suvlari sathining o‘zgarishini hamda sizib kirish va chiqish jarayonlarini tavsiflovchi umumiy chegaraviy shartlarni hisobga olgan holda bir va ikki qatlamli muhitlarda tuz ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
vaqt va fazoviy o‘zgaruvchilarga nisbatan yuqori tartibli aniqlikka ega bo‘lgan mutlaq turg‘un oshkormas sxema asosida bir va ikki qatlamli muhitlarda er osti suvlari sathi va tuz konsentratsiyasi o‘zgarishini bashoratlash masalalarini echish uchun samarali sonli algoritmlar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Er osti suvlari geofil`tratsiya jarayonlarining takomillashtirilgan matematik modellari va samarali sonli hisoblash algoritmlari asosida:
oqova suvlari harakati hamda er osti suvlari sathining va tuproqda tuzlar konsentratsiyasining vaqt davomida o‘zgarishini monitoring qilish va bashoratlash uchun ishlab chiqilgan matematik va dasturiy ta’minotlar Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi Davlat «Suvoqova» unitar korxonasi ob’ektlarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2020 yil  28 fevraldagi №01/02-1008-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari umumlashtirilgan modellardan foydalangan holda suvning menerallashuvi va oqova suvlarning tuproq qatlamlariga singib ketishi jarayonini hamda suv etkazib berilayotgan hududlardagi suvlar sathining o‘zgarishini bashoratlash hamda muhandislik hisoblarini o‘tkazishga ketadigan vaqt va mehnat sarfini 5-6 % ga qisqartirish imkonini bergan;
er osti suvlar sathi va tuproqning minerallashuvi darajasi o‘zgarishini tahlil qilish va bashoratlash uchun ishlab chiqilgan matematik va dasturiy ta’minotlar Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi ob’ektlarida joriy etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2021 yil 15 yanvardagi 33-8/317-son ma’lumotnomaci). Natijada er osti suv sathi va erlarning tuz konsentratsiyasi o‘zgarishini bashorat qilish imkoni yaratilgan hamda muhandislik hisoblarini o‘tkazishga ketadigan vaqt va mehnat sarfi 3-4 %ga qisqartirilgan;
matematik va dasturiy ta’minotlar Jizzax viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi tassarrufidagi hududlarda sizot suvlar sathining o‘zgarishini baholash uchun joriy etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2021 yil 15 yanvardagi 33-8/317-son ma’lumotnomaci). Natijada sug‘orish masalalarida qatlamlarning yoriq-g‘ovak muhitdan iborat ekanligini hisobga olib, geofil`tratsiya jarayonida er osti suvlari sathi o‘zgarishi baholangan hamda muhandislik hisoblarini o‘tkazishga ketadigan vaqt va mehnat sarfini 20% ga qisqartirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish