Jabborov Odil Abdimalikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligi dinamikasi va uni oshirish yo‘llari (Jizzax viloyati misolida)”, 03.00.13-Tuproqshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Qx396.
Ilmiy rahbar: Qo‘ziev Ramazon, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Faxrutdinova Mashkura Fazliddinova, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jizzax viloyati sug‘oriladigan tuproqlarining xossa-xususiyatlari, meliorativ holati va unumdorligida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash hamda qishloq xo‘jaligi erlaridan samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan avtomorf, yarim gidromorf va gidromorf tuproqlardagi sho‘rlanish va sho‘rsizlanish jarayonlarining yillar davomidagi tendension o‘zgarishlari aniqlangan;
hududning sug‘oriladigan avtomorf tuproqlarida yuvilish, gidromorf tuproqlarida esa sho‘rlanishni yetakchilik qilishi aniqlangan va ularning unumdorlikka salbiy ta’siri asoslangan;
hududning so‘nggi 10 yillik tuproq unumdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni solishtirish asosida sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar ochib berilgan;
hudud sug‘oriladigan tuproqlarning 9,5 foizi alohida qimmatga ega er maydonlar ekanligi hamda nisbatan eng yuqori unumdorlik tipik bo‘z tuproqlar hissasiga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligi dinamikasi va uni oshirish yo‘llari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Jizzax viloyati tuproqlarining unumdorligini qayta tiklash va oshirish hamda er resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar» tasdiqlangan va amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 05 avgustdagi
03-04-7019-son ma’lumotnomasi). Natijada, viloyatidagi turli tuproq-iqlim sharoitlarida shakllangan meliorativ holati yomon, er osti suvlari ko‘tarilgan, sho‘rlangan, gipslashgan, eroziyalangan sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligini qayta tiklash va oshirish hamda er resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tadbirlarni belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Paxtakor tumani «Guliston», Zarbdor tumani «Bo‘ston», Arnasoy tumani «Mustaqillik», Mirzacho‘l tumani «O‘zbekiston» massivlaridagi jami 9732,8 ga sug‘oriladigan erlarning 1:10 000 masshtabli tuproq sho‘rlanish xaritalari amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 05 avgustdagi 03-04-7019-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu xarita ma’lumotlari hududlardagi mavjud erlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash, oshirish va muhofazalash hamda qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish bo‘yicha tadbirlar belgilash imkonini bergan;
Jizzax viloyati Paxtakor tumani «Guliston», Zarbdor tumani «Bo‘ston», Arnasoy tumani «Mustaqillik», Mirzacho‘l «O‘zbekiston» massivlarining 1:10 000 miqyosdagi tuproq sifatini baholash xaritalari massivlar hududidagi fermer xo‘jaliklar foydalanishlari uchun amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 05 avgustdagi 03-04-7019-son ma’lumotnomasi). Natijada, massivlardagi tuproqlarning xossa-xususiyatlari va unumdorlik darajasiga qarab erlarning me’yoriy qiymatini hisoblash, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish orqali er resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilashga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish