Matibaeva Raziya Baltabaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom qadriyatlarining milliy urf-odatlar bilan uyg‘unlashuvi (Abu Hanifaga oid «Manoqib» va «Musnad» asarlar asosida). 24.00.01 – Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Tar164.
Ilmiy maslahatchi: Islamov Zaxidjon Maxmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamedov Ne’matullox Asatullaevich, tarix fanlari doktori, dotsent; Azamat Ziyo, tarix fanlari doktori, professor; Imomnazarov Muhammadjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom dini va milliy madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir jarayonlarini Abu Hanifaga oid manoqib va musnadlari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«Manoqib Abi Hanifa» janridagi asarlar asosida Movarounnahrda Abu Hanifa shaxsiyatining vaqtga, hanafiy olimlarning g‘oyaviy raqiblari bilan kurashish xususiyatiga qarab o‘zgarganligi, uning tasviri hunarmandlar, savdogarlar va shahar aholisi o‘rta qatlamining boshqa vakillari uchun kundalik hayotda namuna bo‘lishga xizmat qilgani aniqlangan;
hanafiylik mazhabining Markaziy Osiyoda mustahkam o‘rin topishida asosan ikkita katta omil – kuchli ta’sirga ega mintaqa faqihlari (الفقهاء) hamda somoniylar, g‘aznaviylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar, ashtarxoniylar kabi mahalliy hukmdorlarning sulolalari o‘zlarini hanafiy vakillari deb hisoblashlari hanafiy mazhabining omma orasida yanada chuqur singishiga omil bo‘lib xizmat qilgani dalillangan;
kattalarga ehtirom, tinchlik va omonlikning qadriga etishdek Markaziy Osiyo xalqlari mintalitetida shakllangan qadriyatlar ŭrta asrlarda karromiylik (الكرامية), xorijiylik (الخوارج) singari turli oqimlarning ayirmachilik (الفرقة), takfir (التكفير) kabi g‘oyalari kirib kelishiga qarshi immunitet vazifasini ŭtagani isbotlangan;
o‘rta asrlarda mintaqa xalqlarining madaniy va diniy o‘zligini saqlab qolishga qaratilgan islom dini va madaniyatining konstruktiv qadriyatlarini Markaziy Osiyoda amalga oshirish mintaqada yashovchi guruhlarning etno-madaniy va etno-diniy o‘ziga xosligini mustahkamlashga olib kelgani ochib berilgan;
mintaqada islom dinining tarqalishi davrida mahalliy aholiga diniy ongni singdirishga zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik va boshqa diniy e’tiqodlari kuchli ta’sir mexanizmi bo‘lganligi ko‘rsatib berilgan;
mintaqa xalqlarining urf-odatlari va dinlarining yangi diniy tizim bilan yirik etnopolitik tizim sifatida o‘zaro ta’sirining asosiy davrlarida mahalliy aholining o‘ziga xosligini yo‘qotishning halokatli jarayonlari ustun bo‘lganligi, ammo shu bilan birga ular o‘z dinlari negizida shakllangan asl muqaddas qadriyatlarga ega bo‘lganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
IX-XIV asrlarda Markaziy Osiyoda islom qadriyatlarining milliy urf-odatlar bilan uyg‘unlashuviga oid tarixiy manbalarni tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar asosida:
Markaziy Osiyo xalqlari urf-odat va an’analari haqidagi nazariy xulosalardan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlangan «Islom sivilizatsiyasi» qomusiy lug‘atini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining 2021 yil 16 apreldagi 270/21-son ma’lumotnomasi). Natijada soha mutaxassislarining Markaziy Osiyo xalqlarining turmush tarzi bo‘yicha ma’lumotlari shakllantirilib, bilimlarining oshishiga xizmat qilgan;
tadqiqot ishining «Musnad va manoqib janrlarining xususiyatlari», «Movarounnahrda Abu Hanifa shaxsini an’anaviylashtirish» va «Umumislom urf-odatlari, an’analar, qadriyatlar» deb nomlangan bo‘limlarida berilgan ma’lumotlardan amaliy va nazariy darslarda qo‘llash uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriyat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun mo‘ljallangan «Hadis ilmi roviylari: jarh va ta’dil», «Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni» kabi fanlarning o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda keng foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita dissertatsiya xulosalari, taklif va tavsiyalaridan kelgusida diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari uchun uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishda keng foydalanishni ko‘zda tutadi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 16 apreldagi 02-03/2698-son ma’lumotnomasi). Natijada umuminsoniy qadriyatlarning IX-XIV asrlarda ulug‘langani ko‘rsatib berilgan hamda talaba va tinglovchilarda milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar bo‘yicha atroflicha bilimlar shakllantirilgan;
mahalliy urf-odatlar shaxsni fidoyi insonlar qilib tarbiyalash darajasidagi ma’naviy dunyoni yuksaltirish, yuksak insoniy fazilatlar ruhida shakllantirish, ma’naviy muhitni sog‘lamlashtirishga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi «Imom Buxoriy ta’rifi» kitobida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2021 yil 16 apreldagi 02/130-son ma’lumotnomasi). Natijada islomshunoslikka oid manbalarni jamiyatga etkazishning nazariy-metodologik usullari shakllangan;
milliy va diniy qadriyatlar orqali jamiyat mustahkamligini ta’minlashga erishganliklariga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston xalqaro islam akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiylik ta’limoti tadqiqotlari bo‘limining «Abul Mu’in Nasafiy» hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotida foydalanilgan (O‘zbekiston xalqaro islam akdemiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2021 yil 01 maydagi 01/178-son ma’lumotnomasi). Natijada shu yo‘nalishda tadqiqotchilarda Movarounnahr olimlari va ularning merosi haqida nazariy bilimlar shakllantirilgan;
Markaziy Osiyo xalqlari urf-odatlari va an’analarida umuminsoniy qadriyatlarning ulug‘langani va ularning o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘lgani haqidagi xulosalar Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida «O‘zbekiston tarixi», «Fiqh fani», «Mazhablar tarixi», «Xalifalar tarixi» kabi fanlarning nazariy va amaliy darslarini tashkil qilishda, ta’lim mazmunini yangi ilmiy xulosalar bilan boyitish va takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlar idorasining 2021 yil 30 apreldagi 1435-son ma’lumotnomasi). Natijada shu soha mutaxassislarida islom va milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar bo‘yicha nazariy bilimlar va ko‘nikmalar shakllantirilgan;
Markaziy Osiyoga islom dini kirib kelishi bilan mahalliy urf-odatlar va ilm-ma’rifatga intilish, ijtimoiy tartiblarni shar’iy qonun darajasiga ko‘tarish kabi islom qadriyatlari simbiozining yuzaga kelishi va rivojlanishi oqibatida mintaqada farovon jamiyat yaratuvchi mazmunan mahalliy va shaklan islom diniga xos bo‘lgan urf-odat va madaniyat shakllangani haqidagi ilmiy natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanali ijodkorlari tomonidan ko‘rsatuvlarning ssenariylarini tayyorlashda hamda «O‘zbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Taqdimot» ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 16 apreldagi 08-40-520-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy urf-odatlar va islom qadriyatlarini o‘rganishning ahamiyati va bugungi kunga mosligi haqida turkum ko‘rsatuvlar efirga uzatilgan.