Avezov Abadjan Urunbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari tromboemboliyasining patomorfologik xususiyatlari», 14.00.15 – Patologik anatomiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Tib664.
Ilmiy rahbar: Nishanov Daniyar Anarbaevich, tibbiyot fanlar doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Isroilov Rajabboy, tibbiyot fanlari doktori, professor; Magrupov Baxodir Asadullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «Samarqand davlat tibbiyot instituti»
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasining patomorfologik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xavfli o‘sma kasalliklarining o‘pka arteriyasi trombli emboliya asorati erkaklarga nisbatan ayollarda ko‘proq uchraganligi, yoshi kattalarda bevosita o‘lim sababi bo‘lganligi, xavfli omil sifatida surunkali yurak etishmovchiligi, surunkali gepatit bilan kasallanish holatlari, oyoq venalar varikozi, qandli diabet, tana vaznining ortishi va semizlik holatlariga bog‘liqligi asoslangan;
o‘pka arteriyasi trombli emboliyasi me’da-ichak, nafas, siydik ajratish tizimi, ayollar reproduktiv tizimi xavfli o‘smalarida, aksariyat hollarda adenokarsinoma esa yassi epiteliyli saraton kasalligida uchrash va metastazlanish darajasi isbotlangan;
o‘pka arteriyasi trombli emboliyasi morfologik jihatdan o‘ng qorincha bo‘shlig‘idan o‘pka arteriyasi stvoliga kirib borishi, o‘ng yoki chap o‘pka arteriyasiga va ko‘pincha mayda segmentar arteriyalargacha tarqalishi va o‘pka to‘qimasida trombli emboliya oqibatida rivojlangan morfologik o‘zgarishlar makroskopik jihatdan asoslangan;
o‘pka arteriyasi trombli emboliyasida gemorragik infarkt belgilari aniq namoyon bo‘lishi, bunda o‘pkaning bitta yoki bir nechta bo‘laklarida va ba’zan polisegmentarligi, gemorragik infarktga xos morfologik belgilar joylashishi faqat pastki bo‘lagida, yuqori va qolgan sohalarda esa tarqoqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasining patomorfologik xususiyatlarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasining patomorfologik xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasini aniqlash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 13 martdagi 8n-d/55-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma aholining turli qatlamlari orasida turli surunkali kasalliklarning salbiy oqibatlari natijasida rivojlanadigan xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasi erta tashxislash, kasalliklarni samarli davolash tizimini tashkillashtirish imkonini bergan;
xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyasining patomorfologik xususiyatlari asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Xorazm viloyati patologik anatomiyasi byurosi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy–amaliy tibbiyot markazi Xorazm filialining klinik amaliyotiga tatbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 30 sentyabrdagi 8n-z/118-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi xavfli o‘sma kasalliklarida o‘pka arteriyalari trombli emboliyalari rivojlanishidagi xavf omillarini erta tashxislash, kasallikning kechishi va asoratlar xavfini o‘z vaqtida baholash, kasallikni davolash va oldini olishga samarali yondoshuvlar tanlash va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkonini bergan.