Eshqurbonov Furqat Bozorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Yangi samarali kompleks hosil qiluvchi ionitlar sintezi va tadqiqoti», 02.00.14–Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/K3.
Ilmiy rahbar: To‘raev Xayit Xudaynazarovich,kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Termiz davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.T.04.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Qodirov To‘lqin Jumaevich, texnika fanlari doktori, professor; Rafiqov Adham Salimovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori samarali kompleks hosil qiluvchi polifunksional ionitlarni sintez qilish va ularni qo‘llab individual hamda aralash eritmalardan nodir va rangli metallar ionlarining sorbsiya jarayoniga tatbiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
epixlorgidrin-karbamid (tiokarbamid) hamda formalin-karbamid (tiokarbamid) asosidagi mahsulotlarning polietilenpoliamin, melamin, GIPAN, ortofosfat kislota bilan reaksiyasi natijasida tarkibida oltingugurt, azot, kislorod va fosfor donor atomlari saqlagan kompleks hosil qiluvchi polifunksional, termokimyoviy barqaror, tanlovchan ionitlar yaratilgan;
dimetilolkarbamid va dimetiloltiokarbamidning GIPAN va ortofosfat kislota bilan o‘zaro reaksiyasi natijasida mahalliy xomashyolar asosida yangi, samarali va arzon kompleks hosil qiluvchi polifunksional ionitlar sintez qilingan;
sintez jarayonini kinetik tadqiq qilish orqali reaksiyaning tezlik konstantasi, aktivlanish energiyasi, olingan ionitlar fizikaviy va kimyoviy xossalarining haroratga, boshlang‘ich moddalar konsentratsiyasi va boshqa omillarga bog‘liqligi aniqlangan;
boshlang‘ich moddalar kimyoviy tarkibi va fizik-kimyoviy xossalarining import o‘rnini bosuvchi, kompleks hosil qiluvchi ionitlar asosiy kimyoviy va fizik-kimyoviy xossalariga (kumush, kobal`t, rux, nikel`, mis, qo‘rg‘oshin metallari sorbsiyasi, sorbsion sig‘imi, funksional guruhlarning dissotsialanish darajasi) bog‘liqligi isbotlangan;
dimetilolkarbamid (dimetiloltiokarbamid) va diglisidilkarbamid (diglisidiltiokarbamid) asosida kompleks hosil qiluvchi ionitlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Kompleks hosil qiluvchi ionitlarni sintez qilish texnologiyasi va qo‘llanilishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sintez qilingan kompleks hosil qiluvchi ionitlar «O‘zkimyosanoat» AJ ga qarashli korxonalar oqava suvlarini tozalash, uni yumshatishga joriy etilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2016 yil 4 noyabrdagi 05-3583/M-son ma’lumotnomasi). Natijada, sintez qilingan yangi kompleks hosil qiluvchi ionitlarni qo‘llab, ishlab chiqilgan nodir va rangli metallarni ajratish usuli gidrometallurgiya sanoati chiqindi suvlari tarkibidagi qimmatbaho metall ionlarini konsentrlash va ajratib olishda tavsiya etish imkonini beradi.