Seytnazarova Oksana Muratbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Bentonit gilmoyasini modifikatsiyalash va organobentonit ishtirikoda bo‘yovchi moddalarning adsorbsiya jarayonini tadqiq etish», 02.00.11 – Kolloid va membrana kimyosi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T2213.
Ilmiy rahbar: Ixtiyarova Gulnora Akmalovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Oybek Karimovich, kimyo fanlari doktori; Erkabaev Furkat Il`yasovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Krantau gili asosida yuqori samarali organobentonitlar olish texnologiyasi yaratish va ularning asosiy fizik, kimyoviy va adsorbsion xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gil va geksadesiltrimetilammoniy bromidning 10:1,3, gil va xitozanning 10:0,7 og‘irlik nisbatlarida Kantau gili asosidagi organobentonitlar sintezining maqbul shartlari aniqlangan;
olingan adsorbentlarning turli adsorbatlar – benzol, suv, piridin, kationli va anionli bo‘yoqlar, anionli va ion tutmagan sirt faol moddalar (SFM)ga nisbatan adsorbsion xossalari aniqlangan;
statik va dinamik sharoitlarda bo‘yoqlar va sirt faol moddalarning organobentonitlarda adsorbsiyalanish mexanizmlari hamda adsorbent sirtida adsorbatning aralash qatlamlarining shakllanishi aniqlangan;
BET nazariyasi va Lengmyur tenglamalari yordamida adsorbsiya izotermalarini strukturaviy va sorbsion ko‘rsatkichlari hamda g‘ovaklik hajmlarini tavsiflash orqali GDTMA-KR va X-KR namunalari mikro va mezog‘ovakli tuzilishga ega ekanligi isbotlangan;
adsorbsion va texnologik xususiyatlari yuqori bo‘lgan organobentonitlar ishlab chiqarishning texnologik sxemasi ishlab chiqilgan;
organobentonitli adsorbentlar yordamida sanoat oqava suvlarini organik va noorganik birikmalardan kompleks tozalashning maqbul shartlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Bentonitlar va organik modifikatorlar asosida modifikatsiyalangan adsorbentlar olish va ularning sorbsiya xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Krantau bentoniti asosida organik SFMlar bilan modifikatsiyalangan organobentonit adsorbentlarni olish texnologiyasi «BOSTON MEGA TEKSTIL» MChJda amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2021 yil 10 fevraldagi 02/18-1-296-son ma’lumotnoma). Natijada, turdosh import asosidagi adsorbentlarga nisbatan 3 barobar arzon organobentonit adsorbentlarni ishlab chiqarish imkonini bergan;
olingan organobentonit adsorbentlari yordamida to‘qimachilik korxonalarining sanoat oqova suvlarini bo‘yovchi moddalar va SFMlardan tozalash texnologiyasi «BOSTON MEGA TEKSTIL» MChJda amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2021 yil 10 fevraldagi 02/18-1-296-son ma’lumotnomasi). Natijada, oqava suvlarni bo‘yoq moddalar va SFMlardan tozalash 90% dan ortiq qiymatga etishi natijasida ishlab chiqarishning texnologik sikliga tozalangan suvni qaytarish imkonini bergan.