Xudaybergenov Yaxshimurad Gulimbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Janubiy Orolbo‘yining cho‘llashayotgan hududlaridagi geotizimlarning o‘zgarishini tadqiq qilish», 11.00.01 - Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/Gr57.
Ilmiy rahbar: Reymov Polat Rasbergenovich, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: O‘razbaev Abdukarim Kendirbaevich, geografiya fanlari doktori; Seytniyazov Koshkarbay Matenovich, geografiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Seysmologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Orol dengizining qurigan tubi janubiy qismi va Amudaryo del`tasining shimoliy qismi cho‘llashayotgan hududlaridagi geotizimlarning o‘zgarishini aniqlash va baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Orol dengizi qurigan tubining janubiy qismi va ularga tutash Amudaryo del`tasi shimoliy qismining turli muddatli (mavsum, yil) va “xiralashgan” geoekologik ma’lumotlar to‘plamlarini sifatiy va miqdoriy tavsiflashda zamonaviy geoinformatika metodlarini qo‘llash imkoniyatlari asoslangan;
janubi-sharqiy Ustyurtning nishabligi kichik (0-5°) hududlari uchun yuza oqimining agentga yo‘naltirilgan gidrologik modeli ishlab chiqilgan;
raqamli geomorfonlar metodi yordamida Amudaryo del`tasining shimoliy qismi rel`ef shakllarining ko‘p o‘lchamli geomorfologik koeffisientlar (topografik indeksi, erning raqamli modeli, izogips)dan foydalanish orqali aniqlangan va o‘rta masshtabli (1:200000) geomorfologik kartasi yaratilgan;
Amudaryo del`tasining cho‘llashayotgan shimoliy qismidagi kuchli sho‘rlangan beqaror geotizimlar dinamikasida gidrogen omillar (er usti va er osti suv oqimlari) tebranishining roli aniqlangan;
gidrologik rejimning o‘zgarishi natijasida Janubiy Orolbo‘yining cho‘llashayotgan hududlaridagi geotizimlarning o‘zgarishi (kuchli, o‘rtacha, kam, barqaror) aniqlangan va kartasi (1:500000 masshtabli) yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Janubiy Orolbo‘yining cho‘llashayotgan hududlaridagi geotizimlarning o‘zgarishini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Janubiy Orolbo‘yining cho‘llashayotgan hududlarini turli muddatli va xiralashgan geoekologik to‘plamlarini izohlashda zamonaviy geoinformatika metodlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasida ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomani ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 2020 yil 18 fevraldagi 167/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qoraqalpog‘iston Respublikasi er kadastrini geoinformatsion ta’minlanishini kengaytirish imkonini bergan;
Ustyurtning janubi-sharqiy qismi nishabligi kichik hududlaridagi yuza oqimining ishlab chiqilgan agentga yo‘naltirilgan gidrologik modeli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi amaliyotida yuza oqimi sifatini baholash va monitoringini olib borishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2021 yil 29 yanvardagi 02/18-1-222-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ustyurtning janubi-sharqiy qismi yuza oqimining sifatini baholash va monitoringini olib borishni takomillashtirish imkonini bergan;
yangi raqamli geomorfonlar metodi yordamida yaratilgan 1:200000 masshtabdagi Amudaryo del`tasi shimoliy qismining geomorfologik kartasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasida hududning geomorfologiyasini aniqlashda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 2020 yil 18 fevraldagi 167/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, Amudaryo del`tasi shimoliy qismining hozirgi paytdagi geomorfologiyasini tasvirlash aniqligini oshirish imkonini bergan;
Amudaryo del`tasining cho‘llashayotgan shimoliy qismidagi kuchli sho‘rlangan beqaror geotizimlar dinamikasida gidrogen omillarning aniqlangan tebranish ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida Amudaryo del`tasida yuz berayotgan sho‘rlanish va cho‘llashishga qarshi kurashishga qarshi tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2021 yil 29 yanvardagi 02/18-1-222-son ma’lumotnomasi). Natijada, Amudaryo del`tasidagi sho‘rlanish, cho‘llashishga qarshi kurashish chora tadbirlari rejasini takomillashtirish imkonini bergan;
“Janubiy Orolbo‘yi geotizimlarining o‘zgarishi” (1:500000 masshtabli) kartasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasida hududning tuproq-meliorativ kartasini tuzishda foydalanilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 2020 yil 18 fevraldagi 167/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, Janubiy Orolbo‘yining cho‘llashayotgan hududlaridagi geotizimlarning meliorativ holatini tezkor baholash, Amudaryo del`tasidagi kuchli sho‘rlangan hududlarning monitoringini olib borishni takomillashtirish imkoniyati yaratilgan.