Madrimova Aziza Gaibnazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy nerv sistemasining perinatal patologiyasida chaqaloqlarda eshitish funksiyasining xususiyatlari», 14.00.04 – Otorinolaringologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib844.
Ilmiy rahbar: Xaydarova Gavxar Saidaxmatovna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti DSc04/30.12.2019.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Radsig Elena Yur`evna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Arifov Sayfiddin Saidazimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: A. Aliev nomidagi Ozarbayjon davlat vrachlar malakasini oshirish instituti (Ozarbayjon Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: chaqaloqlarda eshitish zaifligining shakllanishida MNSning perinatal patologiyasi ahamiyatini o‘rganish va shu asosda ushbu patologiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
og‘ir perinatal asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda tashqi sezgir eshituv hujayralarining ishlash unumdorligi pasiyishi bilan nomoyon bo‘lgan eshitish analizatorining periferik shikastlanishlari aniqlangan;
otoakustik emissiya amplitudasi qiymati bilan qisqa-latentli chaqirilgan eshituv potensiallarining orasidagi o‘sish darajasi, asfiksiyaning og‘irlik darajasi va nevrologik namoyon bo‘lish davomiyligi o‘rtasida to‘g‘ri mutanosiblik aniqlangan;
dinamikada asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda periferik eshitish qobiliyatining buzilishi tranzitor bo‘lib, 6 oylikgacha normallashishi aniqlangan;
giperbilirubinemiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish analizatorining shikastlanish darajasi giperbilirubinemiyaning og‘irlik darajasiga parallel ravishda o‘sib borishida otoakustik emissiya ko‘rsatkichlarining sezilarli torayishi, qisqa-latentli chaqirilgan eshituv potensiallari cho‘qqilari latentligining va cho‘qqilariaro intervallarning uzayishi bilan nomoyon bo‘lganligi aniqlangan;
og‘ir darajali giperbilirubinemiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish yo‘llari bo‘ylab miya ko‘prikchasining pastki va o‘rta qismining uchdan bir qismida o‘tkazuvchanligining buzilishi bilan nomoyon bo‘lgan markaziy genezli eshitish zaifligi mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
MNSning perinatal patologiyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish analizatorini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida: 
qisqa latentli chaqirilgan eshitish potensiallarini qo‘llash orqali eshitish zaiflashuvini erta aniqlashga qaratilgan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Perinatal asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish qobiliyati buzilishini aniqlash jadvali» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 12 martidagi 8n-d/52-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma perinatal asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish qobiliyatining buzilishini erta aniqlashni va takomillashtirish imkonini bergan;
eshitish analizatorining markaziy qismidagi neyronlar faolligini aniqlashga oid ilmiy izlanishlar asosida ishlab chiqilgan «Giperbilirubinemiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda eshitish funksiyasini baholash usuli» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 12 martidagi 8n-d/52-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma giperbilirubinemiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni olib borish taktikasini optimallashtirish imkonini bergan; chaqaloqlarda eshitish analizatori shikastlanishlarining klinik va audiologik ko‘rinishini aniqlash bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Xorazm bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining klinik amaliyotiga, Xiva tumani akusherlik majmuasining reanimatsiya bo‘limiga, Urganch shahridagi 2-sonli shahar oilaviy poliklinikasi klinik amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 28 yanvardagi 8 n-z/26-son ma’lumotnomasi). Olingan tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi chaqaloqlarda eshitish analizatori patologiyasini erta tashxislash va shu kontingentdagi chaqaloqlarning olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish