Umarova Sohiba Zakirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Suyima G‘anieva ilmiy-adabiy merosi: tadqiqot usullari va mezonlari”, 10.00.02– O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1280.
Ilmiy rahbar: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Suyima G‘anievaning o‘zbek adabiyoti tarixi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, olimaning navoiyshunoslik takomilida tutgan o‘rni, mumtoz asarlarni o‘rganishdagi asosiy yondashuv usullari hamda olima faoliyati davomida belgilagan mezonlarini aniqlash va ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alisher Navoiy ilmiy biografiyasining “Munshaot” asaridagi maktublar xarakteriga ko‘ra guruhlashtirilgani, shoirning nasrdan oldin nazmda asarlar yaratish sabablari, ijodkor nasrida muallif ichki qiyofasini ochib beradigan nuqtalar mavjudligi kabi qorong‘u nuqtalari aniqlangan hamda adabiy muhit vakillari hayoti va ijodining bir tizimda o‘rganilishida buyuk mutafakkirning Abdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro hamda zamondosh turkigo‘y shoirlar bilan munosabatlari Suyima G‘anieva ijodida alohida o‘rin tutganligi dalillangan;
Alisher Navoiy “Munojot”ining yaratilishida Shayx Abdulloh Ansoriyning “Ilohiynoma” asari muhim o‘rin tutganligi misollar asosida isbotlangan;
Suyima G‘anievaning ijod laboratoriyasi tekshirilishi natijasida olima ilmiy yondashuvlarida qiyosiy-tarixiy, sotsiologik va germenevtik usullar yetakchi ekanligi hamda ilk marta germenevtik qarashlarning Sharqdagi shakllanish tarixi misollar orqali dalillangan;
Suyima G‘anieva amal qilgan an’anaviylik, ilmiy xolislik, mantiqiy dalillash, tizimli yondashuv singari ilmiy mezonlar aniqlangan, “Majolis un-nafois” asari ilmiy-tanqidiy matnini tuzish ilmiy tajribasi zamonaviy o‘zbek matnshunosligini nazariy jihatdan rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Suyima G‘anievaning tadqiqot usullari va mezonlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Suyima G‘anieva tomonidan Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlarini rus tiliga tarjima etishda qo‘llangan tadqiq usullari va ilmiy xulosalardan ITD-1-119 raqamli “O‘zbek adabiyoti antologiyasi”ni ingliz tiliga tarjima qilish va adabiyotlararo kommunikatsiya muammolari”(2012-2014) mavzusidagi amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 89-03-1084-son ma’lumotnomasi). Natijada “Navoiy” romanining ingliz tiliga o‘girilishida rus tilidagi tarjimalar asosida asardagi tarixiy so‘zlarning inglizcha ekvivalenti tanlanishiga erishilgan;
Suyima G‘anieva tomonidan o‘rganilgan Alisher Navoiyning “Munojot”, “Munshaot”, “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat” asarlari matni tarixi, nashr etilishiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7 jild) chop ettirish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning amaliy qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 89-03-887-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiy adabiy merosining ilmiy-monografik tavsifi takomillashtirilgan, navoiyshunoslikdagi mavjud ma’lumotlarga aniqlik kiritilgan;
Suyima G‘anieva tomonidan tadqiq etilgan o‘zbek adabiyoti tarixi, xususan, Mavlono Gadoiy, Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Xo‘janazar Huvaydolar hayoti va ijodiga doir ilmiy xulosalardan Karabuk universiteti Adabiyot fakul`teti Turk tili va adabiyoti bo‘limida Klassik adabiyot tarixi tadqiqotlarida foydalanilgan (Karabuk universiteti Adabiyot fakul`tetining 2021 yil 4 fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada Karabuk universiteti Turk tili va adabiyoti bo‘limida o‘zbek adabiyotining keng yoritilishiga asos bo‘lgan;
Suyima G‘anievaning mumtoz adabiyot tarixini o‘rganishdagi tadqiqot usullari, mezonlarini aniqlash yuzasidan chiqarilgan ilmiy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi”, “Mavzu”, “Taqdimot” ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi 01-13-164-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.