Imamova Xolida Kamalovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Turk tilida hurmat kategoriyasi», 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil7

Ilmiy maslahatchi: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc 27.06.2017.Fil.21.01.

Rasmiy opponentlar: Quranbekov Ahmadjon, filologiya fanlari doktori, professor;Xolmanova Zulxumor Turdievna, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: turk tilida hurmat kategoriyasini yuzaga keltiruvchi ijtimoiy omillarni asoslash, hurmatni ifodalovchi morfologik, leksik va sintaktik vositalarning qo‘llanilishi, hurmat ifodalash o‘rni, hurmat kategoriyasining uslubiy-semantik imkoniyatlarini ilmiy tadqiq etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

turk tilida hurmatni ifodalovchi leksik-semantik, morfologik, sintaktik vositalar va ularning uslubiy xususiyatlari badiiy asarlar, so‘zlashuv uslubi, rasmiy hujjatlar asosida hurmatning alohida kategoriya ekanligi isbotlangan;

hurmat ifodalovchi boshqa grammatik vazifadagi (nokategorial) birliklar ajratilgan, ularning semantik-stilistik, funksional hurmat ifodalashi asoslangan;

hurmat ma’nosini ifodalovchi leksemalarning semantik taraqqiyoti, semalari ajratilib, badiiy asarlarda hurmat ifodalovchi yangi ma’nolari aniqlangan, olmoshlarning ma’no zidligini ta’minlovchi stilistik jihatlari ochilgan hamda qarindosh-urug‘chilik atamalaridagi hurmat ma’nosi turk tilining boshqa tillar bilan o‘zaro o‘xshash tomonlari dalillab berilgan;

hurmat ifodalashning sintaktik vositalari, undalma, kiritma konstruksiyalar orqali berilishi isbotlangan;

hurmatning sintaktik vositalar orqali presuppozisiya asosida reallashuvi maqollarning semantik, struktur jihatlari tahlili misolida dalillangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turk tilida hurmat kategoriyasining tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:

tadqiqot ilmiy natijasi 5120100–Filologiya va tillarni o‘qitish uchun muljallangan «Asosiy o’rganilayotgan til (Turk tili)» o‘quv qo‘llanmasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ro‘yxat raqami № 128-078).  O‘quv qo‘llanmadagi leksik-frazeologik, morfologik birliklarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘qitishda asos bo‘lgan;

Turkiya Jumhuriyatining Toshkentdagi Elchixonasi tomonidan 2017 yil 9 fevral` kuni o‘tkazilgan «Til va madaniyat» mavzuidagi dasturda «O‘zbek va turk maqollarida hurmatning ifodalanishi» nomli ma’ruzasida turk va o‘zbek tilida hurmatni ifodalovchi maqollar qiyoslanib, misollar yordamida tahlil etilgan (Turkiya Jumhuriyatining Toshkentdagi Elchixonasining 2017 yil 10 fevraldagi 71- son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalar turk xalq og‘zaki ijodida hurmat ifodalanishining vositali (obrazlilik) tomonlarini ochib beradi;

hurmat kategoriyasida rasmiy hurmatning ifodalanish yo‘llari F-1-136 «Ilk va o‘rta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlarning o‘zbek davlatchiligi tarixidagi o‘rni (diplomatika, sfragistika, paleografiya va matn interpretatsiyasi masalalari)» (2012–2016) mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasida turk tilida hurmat kategoriyasining ifodalanish shakllari, hurmatning harakat va ramzlarda aks etishi, leksik va grammatik me’yorlarning rasmiy uslub diskursida yuzaga kelishi bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalardan foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 7 oktyabrdagi FTK-03-13/660- son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi turk tilida muloqot madaniyati, diplomatik doiralardagi til biriklarining xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi;

Turkiya Jumhuriyati Bosh Vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi – TIKAning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi tomonidan ilmiy-madaniy sohada amalga oshirilayotgan faoliyatlar doirasida tashkil etilgan «Turk tili va adabiyoti» nomli o‘quv kursida turk tilida hurmat va ehtiromni ifodalash shakllarining rasmiy doiralarda yuzaga kelish usullari, lavozim yoki darajani ko‘rsatuvchi so‘zlar bilan murojaat qilish shakllarining ishlatilishi, sof rasmiy hurmat va samimiy rasmiy hurmatning ifodalanishi aks etgan (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi ma’lumotnomasi). Tadqiqotlardagi ilmiy ma’lumot va nazariy xulosalar ilmiy, madaniy, lisoniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish