Aqilov Ulug‘bek Hakimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tut ipak qurtining toza sanoatbop duragaylarini yaratishda partenogenetik klonlardan foydalanishni asoslash”, 06.02.04 - Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Qx547.
Ilmiy rahbar: Yakubov Ahmatjon Bakievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.36/30.01.2020.Qx.103.01.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaeva Dilorom Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jumag‘ulov Qahramon Alievich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtining jinsi bo‘yicha nishonlangan va nishonlanmagan zotlari erkak kapalaklari bilan partenogenetik urg‘ochi kapalaklarni chatishtirish asosida yangi zamonaviy usulda toza sanoatbop duragay urug‘ tayyorlashni asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tut ipak qurtining genetik kolleksiyasidagi partenogenetik klonlar va zotlarning embrional rivojlanish va voyaga etish davridagi hayotchanligi, pilla mahsuldorligi ko‘rsatkichlarini qiyosiy baholash asosida seleksion materialni darajalash uslubi ishlab chiqilgan;
urg‘ochi jinsli izogen ameyotik yangi partenoklonlar ishtirokida yuqori geterozisli klon-zot F1 duragaylar olish mumkinligi isbotlangan;
ilk bor ipak tolasining sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan 9PK, APK partenogenetik klonlaridan foydalanib, klon-zot duragay kombinatsiyalarini yaratish mumkinligi isbotlangan;
birinchi marta otalik komponent sifatida tut ipak qurtining tuxum bosqichida jinsi nishonlangan (S-14), lichinkalik davrida jinsi markerlangan (MG) va ingichka ipak tolali (Ya-120) zotlaridan foydalanib, klon-zotli duragay kombinatsiyalari olingan;
“Tut ipak qurtining jahon kolleksiyasi”dan tanlab olingan jinsi morfologik belgilari bo‘yicha nishonlangan 2 ta zoti va ingichka ipak tolali, qo‘sh jinsli Ya-120 zotlarining yuqori hayotchanlik va ipakchanlik potensialiga ega populyasiyasi ajratib olingan;
duragaylash jarayonida konstant belgili, qat’iy urg‘ochi jinsga ega partenoklonlardan foydalanish asosida 100% duragay avlod olish imkoniyatlari isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tut ipak qurtining toza sanoatbop duragaylarini yaratishda partenogenetik klonlardan foydalanish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
yaratilgan tut ipak qurtining APK x MG klon-zotli sanoat duragayining 5 quti qurtlari Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanining “Ochilov Sarvarbek Xolxo‘jaevich” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2020 yil 20 oktyabrdagi 3-1/2111-con ma’lumotnomasi). Natijada joriy qilingan duragayning har bir quti hisobidan o‘rtacha 8,0 kg qo‘shimcha tirik pilla olinib, iqtisodiy samaradorlik 136000 so‘mni, sof foyda 23000 so‘mni va rentabellik darajasi 22% ni tashkil etgan;
yaratilgan tut ipak qurtining 9PK x Ya-120 sanoat duragayining 5 quti qurtlari Samarqand viloyati “Samarqand-ipak-qurti-naslchilik” MChJ da joriy qilingan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2020 yil 20 oktyabrdagi 3-1/2111-con ma’lumotnomasi). Natijada parvarishlangan bir quti qurt hisobidan 7,5 kg sifatli qo‘shimcha tirik pilla etishtirishga erishilgan. 1 quti qurtdan olingan iqtisodiy samaradorlik 127500 so‘mni, sof foyda 20520 so‘mni tashkil etgan, rentabellik darajasi 20,9% ga oshgan;
yaratilgan tut ipak qurtining APK x S-14 duragayining 5 quti qurtlari Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanining “Qurama” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2020 yil 20 oktyabrdagi 3-1/2111-con ma’lumotnomasi). Natijada boqilgan 5 quti qurtning har bir qutisidan 6,7 kg qo‘shimcha sanoat pillasi olinib, bir qutidan olingan iqtisodiy samaradorlik 113600 so‘mni, sof foyda 21440 so‘mni va rentabellik darajasi 25,4% ni tashkil etgan.