Maxmanov Urol Kudratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «S60, S70 organik makromolekulalari hamda uglerodli nanotrubkalarning eritmalarda va bug‘lanayotgan tomchilar hajmida o‘z-o‘zidan tashkillanish mexanizmlari», 01.04.05 – Optika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/FM169.
Ilmiy maslahatchi: Koxxarov Abdulmutallib Mamadjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.02/30.12.2019.FM.65.01.
Rasmiy opponentlar: Nematov Sherzod Kalandorovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Payziev Shermuxammad Dalievich, fizika-matematika fanlari doktori; Raxmatullaev Ilyos Arzimurodovich, fizika-matematika fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: S60, S70 organik makromolekulalari hamda uglerodli nanotrubkalarning eritmalarda va bug‘lanayotgan tomchilar hajmida o‘z-o‘zidan tashkillanishining fizikaviy mexanizmlarini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fullerenlarning (S60, S70 va ularning aralashmalarining) qutbli va kam qutbli erituvchilarda ham zich taxlangan, ham g‘ovak fraktal nanostrukturalari hosil bo‘lishi va o‘sishining fizik mexanizmlari aniqlangan. Eritmalarda olingan mC60, mC70 va mC60/70 nanoklasterlarning (bu erda m – nanoklasterlardagi fullerenlar molekulalari soni) strukturasi va fraktalligi dastlabki eritmalarni tayyorlash usuliga bog‘liqligi tajribada ko‘rsatilgan;
eritmalarda S60, S70 fullerenlari va ularning aralashmalari molekulalarining o‘z-o‘zidan tashkillanish jarayonlari diagnostikasi hamda sintezlangan nanoklasterlarning (mC60, mC70 va mC60/70) barqarorlik darajasini aniqlaydigan yangi spektroskopik metod ishlab chiqilgan;
ilk bor C60/70 eritmalarida impul`sli lazer nurlanishi elliptik qutblanishining nochiziqli burilish effekti nurlanishning faqat elliptik qutblanishida kuzatilishi aniqlangan. C60/70 eritmalarida ham lazer nurlanishi intensivligining, ham elliptiklik darajasining oshishi ellipsli qutblanish burilish burchagining oshishiga olib kelishi ko‘rsatilgan;
eritmalarda mC60/70 klasterlarining hosil bo‘lishi va o‘sishi bilan muhitdan o‘tuvchi lazer nurlanishi ellipsli qutblanishining nochiziqli burilish burchagi qiymatlari orasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniqlandi. C60/70 fullerenining eritmalardagi konsentratsiyasining oshishi lazer nurlanishi ellipsli qutblanishining solishtirma burilish burchagining sezilarli kamayishiga olib kelishi ko‘rsatilgan;
ilk bor qattiq taglikning tekis sirtida joylashgan bug‘lanayotgan «eritmalar tomchilari» hajmida fullerenlarning nanostrukturali fraktal, shuningdek zich taxlangan mC60, mC70 klasterlarini tezkor sintez qilish usuli taklif qilindi va amalga oshirildi;
bug‘lanayotgan tomchi hajmida mC60 va mC70 klasterlarini sintez qilishning aniq fizik mexanizmi  "Ostval`d etilishi", ya’ni nisbatan yirikroq nanostrukturalar maydalari hisobiga o‘sishi taklif etilgan;
ilk bor C60 fulleren molekulalaridan iborat nano- va mikroo‘lchamli organik strukturalar (nanoviskerlar, nanotrubkalar, nanoplenkalar va nanoqoplamalar) ni olishning «tomchi usuli» taklif qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
S60, S70 organik molekulalari hamda uglerodli nanotrubkalarning ham eritmalarda, ham bug‘lanayotgan tomchilar hajmida o‘z-o‘zidan tashkillanishini tadqiq etish natijalari asosida:
C70 fullereni, shuningdek C60 va C70 fullerenlari aralashmalari eritmalarida kuchli intensivlikdagi lazer impul`slarining ellipsli qutblanishi nochiziqli burilish effektini o‘rganishda olingan tajriba natijalari №BF2-027 raqamli «Metal nanozarrachalari shakllanishi va o‘sishi mexanizmlari va ularning nochiziqli-optik xossalarini tadqiq qilish» loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021 yil 5 martdagi 02-02/1313-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish kuchli intensivlikdagi impul`sli lazer nuri ta’sirida turli o‘lchamdagi metal nanozarrachalari shakllanishini va ularning nochiziqli-optik parametrlarini samarali tahlil qilish imkonini bergan;
C60 va C70 fullerenlari molekulalarining o‘z-o‘zidan tashkillanish jarayonlarini tadqiq qilishda olingan natijalardan №OT-F2-46 «Uglerodli nanotrubkalar va fullerenlar bilan atom zarralari, elektronlar va fotonlarning o‘zaro ta’siri jarayonini nazariy tadqiq etish» loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 25 fevraldagi 2/1255-569-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish fullerenlar molekulalarining o‘zaro ta’sirlarini hamda fulleren molekulalari bilan boshqa atom zarralari, elektronlar va fotonlarning o‘zaro ta’siri jarayonlarini nazariy jihatdan samarali baholash imkonini bergan;
C70 fullereni eritmalarida lazer impul`si ellipsli qutblanishining nochiziqli o‘z-o‘zidan burilish effektini tadqiq etish jarayonida olingan tajriba natijalari xorijiy jurnallarda (Advances in optics and photonics 2017, V. 9, Scopus, IF – 22.95; Optics express 2014, V.21, Scopus, IF – 7.2; Optics communications 2014, V.310, Scopus, IF – 3.1) ikki fazali sinxron kuchaytirgichlarning nochiziqli refraksiyasini hamda metall nanozarrachalaridan tashkil topgan plazmonli kompozitlarning yuqori tartibli nochiziqliligini o‘rganishda foydalanilgan. Ilmiy natijalardan foydalanish metall-dielektrik nanokompozitlar asosida nanostrukturali optik kalitlar olish imkonini bergan;
qattiq taglik sirtida bug‘lanayotgan tomchilar hajmida fullerenlarning nanoo‘lchamli strukturalari hosil bo‘lishini, shuningdek C70 va C60/70 eritmalarida lazer impul`slarining ellipsli qutblanishi nochiziqli burilish effektini tadqiq qilishda olingan tajriba natijalaridan Sharjadagi Amerika universiteti tadqiqotlarida foydalanilgan (Sharjadagi Amerika universitetining 2021 yil 8 martdagi ma’lumotnomasi, BAA). Ilmiy natijalardan foydalanish kuchli intensivlikdagi impul`sli lazer nurlanishi ta’sirida har xil o‘lchamdagi nanozarrachalar hosil bo‘lish mohiyatini yaxshiroq tushunishga va ularning yuqori tartibli nochiziqli optik parametrlarini baholashga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish