Dusmatova Gulbahor Abdurashidovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning o‘rta, uzun tolali navlari duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi, bog‘liqligi qonuniyatlarini o‘rganish», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/B208.
Ilmiy rahbar: Qahharov Izzatulla Tilavovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Nabiev Saydig‘ani Muxtorovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Egamberdieva Saida Abdusamatovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G. hirsutum L. va G. barbadense L. turiga mansub tizma hamda navlarini turichi va turlararo chatishtirish asosida olingan duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va bog‘liqligi qonuniyatlarini aniqlash hamda qimmatli seleksion ashyolarni ajratib olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor uzun va o‘rta tolali turlariga mansub tizma va navlarning birinchi avlod duragaylarida bitta ko‘sakdagi paxta og‘irligi, o‘simlikdagi ko‘saklar soni, tola uzunligi va mahsuldorlik kabi qimmatli-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi asosan ijobiy o‘ta ustunlik holatida kechishi aniqlangan;
turlararo F1 kombinatsiyalarida o‘simlik bo‘yi, o‘suv davri bitta ko‘sakdagi paxta vazni va 1000 dona chigit og‘irligi kabi morfoxo‘jalik belgilari, asosan, ingichka tolali nav onalik shakli sifatida olinganda to‘liqsiz salbiy o‘ta dominant holatlarida irsiylanishi aniqlangan;
resiprok F1 kombinatsiyalarida qimmatli xo‘jalik belgilarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha statistik farqlanish mavjudligi asosida bu belgilarning genetik nazoratida yadroviy genlar bilan bir qatorda sitoplazmatik genlar ishtirok etishi ochib berilgan;
F2 duragaylarida chigit tukining rangi bo‘yicha ota-ona shakllarida uchramagan yangi kulrang belgining namoyon bo‘lishi genlarning komplementar ta’siri bilan bog‘liqligi aniqlangan;
F2 o‘simliklarida qimmatli-xo‘jalik belgilarning o‘zgaruvchanlik ko‘lami ota-ona shakllariga nisbatan keng ekanligi va bu holat tezpishar, mahsuldor, yuqori ko‘rsatkichli xo‘jalik belgilari majmuasiga ega genotiplar ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G. hirsutum L. va G. barbadense L. turlari shakllarining F1-F2 duragaylarida morfo-xo‘jalik belgilarining irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi va bog‘liqligi qonuniyatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
uzun va o‘rta tolali F1 duragaylari Andijon viloyati Andijon tumani “Esonboy” fermer xo‘jaligi er maydonlariga ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 19.11.2020 yil 02/020-3868-son ma’lumotnomasi). Natijada, qimmatli xo‘jalik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori hosil olish imkonini bergan;
cheklangan shoxlanishli, yotib qolishga chidamli g‘o‘zaning o‘rta tolali L-20 tizmasi “G‘o‘za genofondi” noyob ob’ekti kolleksiyasiga kiritilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2020 yil 16 dekabrdagi 4/1255-2821-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu tizma o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi xilma-xilligini boyitish imkonini bergan.