Djumanov Jamoljon Xudayqulovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Mintaqaviy gidrogeologik tizimlarning geofil`tratsiya jarayonlarini matematik modellash», 05.01.07–Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T5.
Ilmiy maslahatchi: Xabibullaev Ibrohim, texnika fanlari doktori, professor;
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Van Nor Azmin Suleyman, texnika fanlari doktori, professor (Malayziya); Gulyamov Shuxrat Mannopovich, texnika fanlari doktori, professor; Muxamedieva Dilnoz To‘lqinovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mintaqaviy gidrogeologik tizimlardagi geofil`tratsiya jarayonlarini matematik modellash usullarining samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
murakkab gidrogeologik sharoitlarda geofil`tratsiya va geomigratsiya jarayonlarini o‘rganish nazariyasi tamoyillariga asoslangan mintaqaviy miqyosdagi gidrogeologik jarayonlarni matematik modellash konsepsiyasi ishlab chiqilgan va gidrogeologik jarayonlarni matematik modellashning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan integratsiyalash usullari yaratilgan;
turli miqyosdagi geofil`tratsiya modellarini birlashtirish imkonini beruvchi yagona axborot texnologik tizim doirasida zamonaviy geoaxborot tizimlari asosida mintaqaviy xarakterli gidrogeologik ob’ektlarni geofil`tratsiya jarayonlarni matematik modellashning sonli usullari takomillashtirilgan;
er osti suvi shakllanishi tamoyillaridan foydalanib, turli miqyosdagi modellarni birgalikda qo‘llash va mufassal qamrab olishga asoslangan mintaqaviy gidrogeologik ob’ektlarning geofil`tratsiya jarayonlarni geoaxborot-matematik modellashtirishga moslashuvchan tizimi ishlab chiqilgan;
gidrogeologik ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan o‘lchov tizimida qayd qilish, yig‘ish va uzatish, geoaxborot-matematik modellashtirish jarayonida boshlang‘ich ma’lumot sifatida, shuningdek er osti gidrosferasi monitoringi yuritish maqsadida dasturiy ta’minot, texnologiyalar va apparat-qurilma vositalari ishlab chiqilgan;
kelgusida yagona avtomatlashtirilgan majmuiga integratsiyalanuvchi mintaqaviy gidrogeologik ob’ektlar geoaxborot-matematik modelining xaritografik ma’lumotlar bazasini yaratish tamoyillari ishlab chiqilgan;
keng miqyosdagi hududlarni murakkab gidrogeologik sharoitlarida tuz harakatining er osti va er usti suvi bilan o‘zaro birgalikdagi oqimlari jarayonini matematik modellash tizimi bilan geoaxborot tizimlar integratsiyasini tashkil qilish tamoyillari va mezonlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mintaqaviy gidrogeologik tizimlarining geofil`tratsiya jarayonlarini geoaxborot-matematik modellash usullari va dastlabki gidrogeologik ma’lumotlarni avtomatlashgan o‘lchov tizimiga qayd qilish va yig‘ish apparat-qurilmalari asosida:
mintaqaviy oazisli sug‘orishning samaradorligini oshirishda, suv xo‘jaligi sharoitini hisobga olib, fermer xo‘jaliklarining sug‘oriladigan erlari uchun er osti suvlaridan foydalanish bo‘yicha samarali usullar Farg‘ona gidrogeologik ekspedisiyasida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2016 yil 14 noyabrdagi 08-2038-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijalari murakkab gidrogeologik va suv tanqisligi sharoitida ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish masalalarini echish imkonini bergan;
irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tasarrufidagi hududlarning geofil`tratsiya jarayonlarini matematik va intellektual tahlillash modellarini qurish usuli va qurilma-dasturiy algoritmlari Qishloq va suv ho‘jaligi vazirligi tizimidagi Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi Xorazm meliorativ ekspedisiyada joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv ho‘jaligi vazirligining 2016 yil 12 dekabrdagi 04/32-1237-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi fermer xo‘jaliklari hududlarida gidrogeologik quduqlarni avtomatik ravishda er osti suvlari sathi va harorati o‘lchash asosida gidrogeologik tizimlar geofil`tratsiya jarayonlarining matematik modellarini amalda joriy etish hisobiga monitoring va samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish tizimini shakllantirish imkonini bergan;
ekin maydonlari va suv xo‘jalik sohasi tuzilmasini maqbullashda suv xo‘jalik sharoitidan kelib chiqib matematik modellash va geoaxborot tizimlari, er osti suvi sathini pasaytirish chora- tadbirlari va meliorativ samaradorligini oshirish uchun er osti gidrosferasi monitoringida xolislik va tezkorlikni ta’minlovchi avtomatlashgan qurilma-dasturiy vositalar Oxangaron va Toshkent oldi rejim stansiyalarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016 yil 21 noyabrdagi 33-8/6338-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-tadqiqot natijalarining qo‘llanilishi er osti gidrosferasida suv xo‘jalik sharoitlarining o‘zgarish holati, ifloslanishlarning tarqalish dinamikasini baholash imkonini bergan;
er osti suvlaridan foydalanish hamda uning holati to‘g‘risidagi aniq va tezkor, avtomatik monitoring yuritilishi Janubiy Qozog‘iston gidrogeologiya meliorativ ekspedisiyasida joriy qilingan (Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Suv resurslari qo‘mitasining 2016 yil 4 noyabrdagi 01/305-son ma’lumotnomasi). Ilmiy-tadqiqot natijalarining qo‘llanilishi er osti gidrosferasi monitoringida xolislik va aniqlikni oshirgan, suv ta’minotida 15–18% meliorativ samaradorlikni ko‘targan; matematik modellash natijalari asosida er osti suvi sathini pasaytirish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan va qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligining 10–15% o‘sishiga imkon yaratgan.