Saydaxmedov Umid Murodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlardan foydalanishning xalqaro-huquqiy jihatlari”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Yu289.
Ilmiy rahbar: Boboqulov Inomjon Ibragimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, DSc.07/27.02.2020.Yu.108.01.
Rasmiy opponentlar: Saidova Lola Abduvaxitovna, yuridik fanlar doktori; Yunusov Xaydarali Murotovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlardan oqilona va adolatli foydalanishning xalqaro-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
transchegaraviy suv resurslari (er usti va er osti suvlari)dan foydalanish, suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, suvdan umumiy va maxsus foydalanish turlari ro‘yxati, suv ob’ektlarini foydalanishga berish, suv olish limitlarini tartibga solish sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organlarining vazifa va vakolatlarini tartibga solish zarurati asoslantirilgan;
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv resurslarini birgalikda boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmi sifatida «Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dastur» ishlab chiqish zaruriyati asoslantirilgan;
transchegaraviy suvlar bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyalari normalari va tamoyillari («hamkorlik qilishning umumiy majburiyatlari», «adolatli va oqilona foydalanish hamda ishtirok etish» va «zarar etkazmaslikning majburiyligi») hamda javobgarlik (ekologik zarar uchun moliyaviy javobgarlik)ni BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarida yanada aniq aks ettirish asoslantirilgan;
Markaziy Osiyo mintaqasidagi Sirdaryo, Amudaryo va boshqa transchegaraviy daryolarda monitoring tizimini takomillashtirish, hamkorlikda suvni nazorat qilish va monitoringini yuritish hamda ochiq ma’lumotlar almashish tizimini tashkil qilish lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlardan foydalanishning xalqaro-huquqiy jihatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
transchegaraviy suv resurslari, ya’ni er usti va er osti suvlaridan foydalanish, suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, suvdan umumiy va maxsus foydalanish turlari ro‘yxati, suv ob’ektlarini foydalanishga berish, suv olish limitlarini tartibga solish sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organlarining vazifa va vakolatlarini tartibga solishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 6 maydagi «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi 837-XII-son qonuni 8-, 9-, 21-, 27-, 30-, 41-, 64-, 65-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 18 avgustdagi 07/1-67-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 19 avgustdagi 12-son malumotnomalari). Mazkur takliflar suv va suvdan foydalanishni tartibga solish hamda uni muhofaza qilishni yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishga oid taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–6024-son Farmonining 5.10-bandi hamda mazkur farmonning 2-Ilovasi bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020 – 2030 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»ning 33–35-bandlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Axbort-tahlil va resurs markazining 2020 yil
8 oktyabrdagi 111/20-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 oktyabrdagi 04/20-3107-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar mintaqa davlatlari tomonidan transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilgan;
transchegaraviy suvlar bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyalari normalari va tamoyillari («hamkorlik qilishning umumiy majburiyatlari», «adolatli va oqilona foydalanish hamda ishtirok etish» va «zarar etkazmaslikning majburiyligi») hamda javobgarlik (ekologik zarar uchun moliyaviy javobgarlik)ni BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarida yanada aniq aks ettirishga oid taklif va tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–6024-son Farmonining 5.10-bandi o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 oktyabrdagi 04/20-3107-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif va tavsiyalar mintaqa davlatlari tomonidan transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va samarali foydalanishda o‘zaro xalqaro-huquqiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan;
Markaziy Osiyo mintaqasidagi Sirdaryo, Amudaryo va boshqa transchegaraviy daryolarda monitoring tizimini takomillashtirish, hamkorlikda suvni nazorat qilish va monitoringini yuritish hamda ochiq ma’lumotlar almashish tizimini tashkil qilishga oid taklif va tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–6024-son Farmonining 5.10-bandi o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 oktyabrdagi 04/20-3107-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar mintaqadagi transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanishda suv sarfini nazorat qilish va monitoringini yuritishga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqishga xizmat qilgan.