Maxmudjonov Zafarjon Murodjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston hududida tarqalgan Hygromiidae oilasining ekologo-taksonomik tarkibi va hayot tarzi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/B243.
Ilmiy rahbar: Pazilov Abduvaeit, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.91.01.
Rasmiy opponentlar: Izzatullaev Zuvaydulla Izzatullevich, biologiya fanlari doktori, professor; Karimqulov Abdulla Tadjiqulovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston hududida tarqalgan Hygromiidae oilasi quruqlik mollyuskalarining taksonomik tarkibini aniqlash, bioekologik xususiyatlarini ochib berish va kamyob turlarni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekiston hududida Hygromiidae oilasi quruqliq mollyuskalarining 4 kichik oila, 8 avlodga mansub 33 turining ro‘yxati tuzilgan va fan uchun yangi 1 ta (Archaica haziratishaxika) va O‘zbekiston faunasi uchun 5 ta yangi turi aniqlangan;
Hygromiidae oilasi vakillarining yashash joylari xususiyatlaridan kelib chiqib, gigrobiont, mezobiont, kserobiont va mezokserobiont guruhlari asoslangan; 
qurg‘oqchil iqlim sharoitida chig‘anoq belgilarining (shakli, rangi, qalinligi, skul`pturasi, kindik tuzilishi va o‘lchamlari) o‘zgaruvchanligi yashash joyiga bog‘liq ekanligi isbotlangan;
Leucozonella retteri va Monacha cartusiana mollyuskalarining 6 bosqichdan iborat hayot siklining rivojlanish xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston xududida tarqalgan Hygromiidae oilasining ekologo-taksonomik tarkibi va hayot tarzi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston xududida tarqalgan Hygromiidae oilasining 2 turiga mansub 14 nusxa mollyuska namunalari Respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 18 sentyabrdagi 4/1255-1934-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikaning tog‘ tizmalari biotsenozlari malakofaunasining turlar tarkibini aniqlash, zonal tarqalish xususiyatlarini baholash hamda quruqlik mollyuskalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini bergan;
L. mesoleuca va L. angulata turlarining ribosomal DNK ITS1 sohasi nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlar Biotexnologik axborotlar Milliy markazi Genbanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar Milliy markazi, www.blast.ncbi.nlm.nih.gov). Natijada, L. mesoleuca – MW 218145, L. angulata – MW 433005 identifikatsiya raqamlari olingan va ular Hygromiidae oilasi tizimidagi mollyuskalarni molekulyar filogenetik o‘rnini aniqlash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish