Abduraxmanov Boris Malikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kremniy tiklashning elektr yoyli jarayonini modernizatsiya qilish va uning asosida elektron qurilmalar yaratish», 01.04.04 – Fizik elektronika (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/T1501.
Ilmiy rahbar: Kurbanov Mirtemir Shadievich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.02/30.12.2019.FM.65.01.
Rasmiy opponentlar: Umirzakov Boltaxuja Ermatovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Tashatov Allanazar Karshievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: texnik kremniy eritish jarayonini modernizatsiya qilish va uning boshqaruvchanligini oshirish hamda ushbu materialni bevosita yoki uni bir marta metallurgik qayta ishlash orqali olingan multikremniyni elektron texnika va quyosh energetikasi mahsulotlarida qo‘llash yo‘llarini topishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
pechning yonish qismiga etkazib berish traktida dastlab qisman atom darajasida uglerod va vodorodga dissotsiatsiya qilishni, so‘ngra elektr yoyida ionlashishni nazarda tutuvchi metandan iborat gazsimon uglerodli tiklovchini reaksiya qobiliyatini oshirish usuli ishlab chiqilgan;
texnik kremniy eritish jarayonini elektr yoyidagi tok qiymatini o‘lchash natijalari bo‘yicha boshqarish va metanni namlash orqali o‘z-o‘zidan va muntazam ravishda tok ko‘tarilishini o‘chirish usullari taklif qilingan;
tarkibiy qismlarining yanchilishi nazarda tutilgan va ularning zichligi hisobga olingan shixtani briketlashning yangi usullarini tajribaviy va sanoat sinovlari ijobiy natijalariga asosan elektr yoyli pechning yonish qismiga pasta holatida uzatib berishning prinsipial yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan;
texnik kremniyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri metallurgik qayta ishlash natijasida substrat material sifatida olinadigan multikremniydan foydalangan holda yuqori foydali ish koeffisientli va radiatsiyaga chidamli plyonkali quyosh elementlarini yasash imkoniyati ko‘rsatilgan;
tajribalarni rejalashtirish uslubidan foydalangan holda, keyinchalik quyosh elementining tayanchi sifatida foydalaniladigan, plyonkali quyosh elementlari samaradorligining matematik regressiya modellari va mul`tikremniydan tayyorlangan substratlar yuzasida plyonkalarning o‘sish tezligi tuzilgan;
tashqi bosim, harorat va nurlanishning yuqori darajalarida ishlashga mo‘ljallangan, shu jumladan ishchi qismini jamlangan quyosh nurlari bilan isitadigan, issiqlik energiyasi o‘zgartirgichlarining yangi turlari ishlab chiqilgan;
fotoelektrik vodorod ishlab chiqarish tizimlarida sarflanadigan elektrodlar uchun texnik kremniy va multikremniydan material sifatida foydalanish imkoniyati ko‘rsatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kremniy tiklashning elektr yoyli jarayonini modernizatsiya qilish va uning asosida elektron qurilmalar yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
texnik kremniy olish usuli va uni amalga oshirish qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05986, 22.04.2015 y.). Natijada, pechga shixtani pasta ko‘rinishida yangi mexanizm orqali berish va elektr yoyli pechlarning konstruksiyasini modernizatsiya qilish orqali elektr yoyining tok qiymati bo‘yicha eritish jarayonini nazorat qilish va boshqarish imkonini bergan;
texnik kremniy yoki ferrosilisiy eritish uchun briketlangan shixtaning kremnezem qismida mikrokremnezemning optimal miqdorini aniqlash usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05998, 21.07.2017 y.). Natijada, texnik kremniyni eritish jarayonida shixta komponentalari zarrachalari o‘lchamining taxminan bir xilligini tanlash hisobiga elektr energiyasini tejashga, ferrosilisiyni eritish jarayonida esa shixtaga qo‘shiladigan mikrokremnizyomni 40% gacha oshirish imkonini bergan;
termoelektrik material va uni tayyorlash usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 056615, 04.05.2018 y.). Natijada, kremniy zarrachasi va uni qoplab turgan SiO2 plenkada chuqur energetik sathlarni hosil qilish orqali zaryad tashuvchilarni tunellashib o‘tishi hisobiga elektr o‘tkazuvchanlikni oshirish imkonini bergan;
suvni elektrolizlash uchun fotoelektrik qurilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 00876, 11.04.2012 y.). Natijada, vodorod olishda nafaqat suvni elektroliz qilish yo‘li bilan, balki elektrolitlar va katod moddalari orasidagi kukunlar aralashmasidan, texnik kremniy, mul`tikremniy va kremniy ishlab chiqarish chiqindilaridan kimyoviy reaksiya natijasida ishlab chiqariladigan, shuningdek konsentirlangan quyosh nurlanishining fotoaktiv qismidan foydalanish imkonini bergan.