Akbaraliev Baxtiyorjon Bakirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Resurs cheklanganda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmlari», 05.01.03 – Informatikaning nazariy asoslari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.T370.
Ilmiy maslahatchi: Nishanov Axram Xasanovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxamedieva Dilnoz Tulkunovna, texnika fanlari doktori, professor; Gulyamov Shuxrat Mannapovich, texnika fanlari doktori, professor; Nurmuxamedov Tolaniddin Ramziddinovich texnika fanlari doktori, dotsent
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: informativlikning evristik mezonlari negizida tadqiqot ob’ektini aniqlashga ajratilgan resursga bog‘liq optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Fisher ko‘rinishidagi informativlik mezoniga nisbatan tartiblash usuli orqali shakllantirilgan informativ tizimlarning optimal bo‘lishining etarlilik shartlari aniqlangan;
ob’ektlarni tavsiflovchi belgilar turli turga tegishli bo‘lganda evristik mezonlardan foydalangan holda belgilar orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni e’tiborga oluvchi optimal informativ tizimlarni shakllantirishning takomillashtirilgan usul va algoritmi ishlab chiqilgan;
sinflashtirishning xatolik koeffisentiga asoslangan holda sinflashtirish samaradorlik va ishonchlilik ko‘rsatkichini oshiruvchi, noto‘g‘ri sinflashtirilgan ob’ektlarni aniqlovchi va tahlil qiluvchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmi ishlab chiqilgan;
ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish mezoni asosida sinflashtirish masalasida hal qiluvchi qoidani qurish usul va algoritmi ishlab chiqilgan;
ixtiyoriy turdagi informativlik mezoniga nisbatan resursni e’tiborga olgan holda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmi ishlab chiqilgan;
informativlikning Fisher tipidagi evristik mezonlari asosida ob’ektlarni aniqlashga ajratilgan resurs cheklanganda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirishning samarali usul va algoritmi ishlab chiqilgan;
ma’lumotlarni intellektual tahlili masalalarida tanlanmalarga qo‘yiladigan talablar asosida tajribaviy o‘quv va nazorat tanlanmalarni shakllantirish qoidasi takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Resurs cheklanganda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sinflashtirishning xatolik koeffisentiga asoslangan holda sinflashtirish samaradorlik va ishonchlilik ko‘rsatkichini oshiruvchi, noto‘g‘ri sinflashtirilgan ob’ektlarni aniqlovchi va tahlil qiluvchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmi, informativlikning Fisher tipidagi evristik mezonlari asosida ob’ektlarni aniqlashga ajratilgan resurs cheklanganda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usul va algoritmi hamda hal qiluvchi qoidani qurish usul va algoritmi asosida ishlab chiqilgan «IBMT_S» dasturiy majmua Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti DK faoliyatiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat Geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2020 yil 25 avgustdagi 03/07-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari gidrogeologik ob’ektlarni sinflashtirish va klasterizatsiya qilish orqali ish unumdorligini o‘rtacha 20-30% oshirish, turli sarf-xarajatlarni esa 10-15% kamaytirish imkonini bergan;
ob’ektlarni tavsiflovchi belgilar turli turga tegishli bo‘lganda evristik mezonlardan foydalangan holda belgilar orasidagi o‘zaro bog‘liqlikni e’tiborga oluvchi optimal informativ tizimlarni shakllantirishning takomillashtirilgan usul va algoritmi, va ular asosida ishlab chiqilgan «IBMT_S» dasturiy majmua O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi DUK faoliyatiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2020 yil 25 sentyabrdagi 33-8/5595-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari telekommunikatsiya tarmoqlari texnik holatini tasniflovchi informativ parametrlarni aniqlash hamda telekommunikatsiya tarmoqlari va tarmoq foydalanuvchilarini sinflashtirish orqali mehnat samaradorligini o‘rtacha 20-30% oshirish, vaqt va boshqa resurslar sarfini 40% qisqartirish imkonini bergan;
ixtiyoriy turdagi informativlik mezoniga nisbatan resursni e’tiborga olgan holda ob’ektlarni tavsiflovchi optimal informativ tizimlarni shakllantirish usuli va ular asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining 2020 yil 25 sentyabrdagi 33-8/5595-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari ish unumdorligini o‘rtacha 10-15% oshirish ish xajmi va moliyaviy xarajatlarni mos ravishda 10-20% va 5-8% ga kamaytirish imkonini bergan.