Sultanov Bekzod Maqsud o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Galiley fazosida sirtlarni geometrik xarakteristikalari bo‘yicha tiklash», 01.01.04 – Geometriya va topologiya (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/FM226.
Ilmiy rahbar: Artikbaev Abdullaaziz, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM.01.01.
Rasmiy opponentlar: Sokolov Dmitriy Dmitrievich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Zaitov Adilbek Ataxanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti Toshkent shahridagi filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Galiley fazosida sirtlar nazariyasini tasniflash va sirtning geometrik xarakteristikalari bilan bog‘liq “to‘la” geometriya masalalarini echishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
barcha nuqtalari parabolik yoki maxsus parabolik nuqtalar bo‘lgan sirtning tekislikdagi yoyilmalari bir-biridan farq qilishi isbotlangan;
Galiley fazosi harakatining Evklid fazosi nuqtai nazaridan geometrik ma’nosi ochib berilib, Evklid fazosi sirtining Gauss egriligi Galiley fazosining harakati bo‘lgan almashtirishda invariantligi isbotlangan;
to‘la egrilik berilganda siklik sirtning mavjudligi isbotlangan hamda Galiley fazosida sirtlarning izometriklik va to‘la izometriklik shartlari aniqlangan;
birinchi kvadratik formaning koeffisienti va egrilik defekti berilganda sirtning mavjudlik haqidagi teorema isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Galiley fazosida sirtlarni geometrik xarakteristikalari bo‘yicha tiklash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Galiley fazosining harakati bo‘lgan almashtirishda Evklid fazosi sirtining Gauss egriligi saqlanishi №OT-F4-64 «Bir jinslimas g‘ovak muhitlarda suyuqlik sizishi va moddalar ko‘chirilishi gidrodinamik modellarini tuzish va sonli tadqiq etish» mavzusidagi fundamental ilmiy loyihada bir jinsli bo‘lmagan g‘ovak muhitlarda moddaning anomal tashilish hususiyatlarini aniqlash uchun teskari masalalarni echishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 6 noyabrdagi 89-03-4484-son ma’lumotnomasi). Natijada, modda uzatish muammolarini diskretlashdan keyin sekinlashadigan xususiyatlarini aniqlash va echimlarni hisoblashning takomillashtirilgan iqtisodiy algoritimini yaratish imkonini bergan;
bosh va to‘la egriliklar formulasi yordamida olingan Galiley fazosi almashtirishining invariantlari №FA-F-4-004 «Murakkab deformatsiyalanish jarayonlari ta’siridagi konstruksion materiallarni elastik-plastik holatini tajribaviy va nazariy tadqiqi» mavzusi¬dagi fundamental ilmiy loyihada plastiklik nazariyasi munosabatlarini uchta vektorning komplanarlik sharti ko‘rinishida tekshirishda va Ilyushin fazosida uch o‘lchovli jarayonlarni baholash va nazorat qilishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasining 2020 yil 9 dekabrdagi 2/1255-2760-son ma’lumotnomasi). Natijada, qo‘ndalang izotropik muhitlarning sferik va tenzor qismlari transformatsiyalarining invariantlarini aniqlash imkonini bergan.