Hasanov Azamat Ozadovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek milliy avtomagistralida yo‘l bo‘yi servis majmualarini me’moriy shakllantirish», 18.00.02–Rayonlashtirish. Shaharsozlik. Qishloq turar joylarini rejalashtirish. Landshaft arxitekturasi. Bino va inshootlar arxitekturasi (arxitektura).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/A1.

Ilmiy rahbar: Ahmedov Muhammad Qosimovich, arxitektura doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Toshkent arxitektura-qurilish instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, DSs.27.06.2017.A.11.02.

Rasmiy opponentlar: Yusupova Mavlyuda Aminjanovna, arxitektura doktori, professor; Muhamedjanov Qobiljon Hojimurodovich, arxitektura nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: Respublika «Yo‘l-Loyiha byurosi» MChJ Bosh loyihalash instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l bo‘yi servis xizmat ko‘rsatish majmualarini shakllantirish mezonlarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Buyuk ipak yo‘lining O‘zbekiston hududidan o‘tgan marshrutlarida  karvon to‘xtash joylari – tarixiy marhalalarning shakllanishi aniqlanib, Raboti Malik yodgorligi misolida O‘zbek milliy avtomagistrali marshrutlarida saqlanib qolgan rabot, karvonsaroy, hazora, yomxona, quduq, koriz, sardoba singari tarixiy marhala markazlarini saqlash va ulardan foydalanish yo‘llari ishlab chiqilgan;

o‘zbek milliy avtomagistralida servis ob’ektlarini shakllantirish qonuniyatlariga asoslangan yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish va servis majmualarini 50–100, 200–300 km da joylashtirish sxemalari, eksperimental loyihalari yaratilgan;

yo‘l bo‘yi infrastruktura ob’ektlarini o‘zbek milliy avtomagistrali bo‘ylab katta shaharlarga kirish qismlari atrofida va ma’lum masofalarda majmualar  tarzida  joylashtirish mexanizmi asoslab berilgan;

o‘zbek milliy avtomagistralining aholi punktlari joylashgan  qismlarida 2.5 m dan 6-7 m gacha balandlikdagi quyosh batareyali panellar bilan birgalikda loyihalashtirilgan ko‘p funksiyali himoya to‘siqlarini hosil qilish, magistral yo‘llarni chuqurlikka tushirish hisobiga sun’iy tepaliklar tashkil qilish va bu orqali mashinalar shovqinini kamaytirib, yo‘l harakati avariya hodisalarining oldini olish imkoniyatlari hamda cho‘l va tog‘li hududlardan o‘tgan qismlar uchun 2–2,5 m balandlikda maxsus panjarasimon tarzdagi to‘siqlar, shuningdek chorva mollari, turli hayvonlar uchun maxsus er osti o‘tish yo‘llarini tashkil qilish natijasida himoya zonalarini yaxshilash bo‘yicha  takliflar ishlab chiqilgan;

o‘zbek milliy avtomagistralida yo‘l bo‘yi infrastruktura ob’ektlarini shakllantirishga qaratilgan servis majmualari arxitekturaviy shakllarining asosiy mezonlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Buyuk ipak yo‘li  zamonaviy yo‘nalishlarida servis ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

magistral yo‘llarda zamonaviy marhalalar asosida yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish servis majmualarini tashkil qilish hamda Buyuk ipak yo‘lidagi shaharsozlikning integratsion mohiyati haqida Janubiy Koreyaning Yeoju texnologiya institutida ilmiy seminarda taqdimot qilingan (Yeoju texnologiya institutining 2015 yil 28 apreldagi guvohnomasi);

o‘zbek milliy avtomagistrali bo‘ylab zamonaviy marhalalarni tashkil qilish sxemasi hamda I va II toifali yo‘llar uchun mo‘ljallangan erkin iqtisodiy industrial zonalar hududlari hamda katta shaharlarga kirish qismlari va ular atrofida yangi «Karvonsaroy», «Maydon» tarzidagi servis majmualarining loyihalash me’yorlari ishlab chiqilib amaliyotga tatbiq qilingan (Respublika «Yo‘l-Loyiha byurosi» MChJ Bosh loyihalash institutining 2017 yil 16 yanvardagi  dalolatnomasi);

Ohangaron tumanining «Ozodlik» QFY hududidagi 4r-2 avtomobil` yo‘lining 58 km qismida  Respublikamizning erkin iqtisodiy zonalariga hamda katta shaharlarga kirish qismlari atroflari uchun mo‘ljallangan yo‘l bo‘yi infrastrukturasi servis majmuasining «Karvonsaroy» tipidagi modeli shakllantirilgan («GLOBAL PROJEKT SERVISE PLUS» MChJ loyiha tashkilotining 2016 yil 10 dekabrdagi dalolatnomasi);

tadqiqot natijalarining F.1-86 «O‘zbekiston arxitekturasining mustaqillik mafkurasi asosida shakllanish qonuniyatlarini tadqiq etish va samarali rivojlantirish tamoyillarini ishlab chiqish» (2011–2016 yy.) nomli fundamental tadqiqotida «Buyuk ipak yo‘lining shakllanishi va ahamiyati» bo‘limini tayyorlashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 18 yanvardagi FTK-0313/60-son ma’lumotnomasi).

Yangiliklarga obuna bo‘lish