To‘raeva Zuxra Rajaboevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Markaziy O‘zbekiston to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/B166.
Ilmiy rahbar: Mirzaeva Gulnara Saidarifovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori; Xusanov Alijon Karimovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy O‘zbekiston to‘g‘riqanotli hasharotlari populyasiyalarining zamonaviy holatini baholash, kamyob turlarni muhofaza qilish va zararli turlariga qarshi kurashishning zamonaviy usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Markaziy O‘zbekiston to‘g‘riqanotlilari populyasiyalari zamonaviy holati tahlil qilinib, 8 oila, 61 avlodga mansub 87 tur va kenja turlari aniqlangan;
ilk bor O‘zbekiston faunasi uchun to‘g‘riqanotlilar turkumi vakillaridan 1 avlod, 1 kenja turi aniqlangan;
to‘g‘riqanotlilar faunasining landshaftlar bo‘ylab shakllanishi, turli agrotsenozlarda tarqalish xususiyatlari ochib berilgan hamda biotoplardagi miqdori va zichligiga asosan 5 ta tasnifi izohlangan, kamyob yoki yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan turlarining biologik xilma-xilligini saqlab qolish uchun tavsiyalar ishlab chiqilgan;
ilk bor Markaziy O‘zbekistonning Orthoptera turkumi jamoalarining mavsumiy rivojlanish dinamikasiga asoslanib, 4 ta fenologik guruhga ajralishi aniqlangan;
ilk bor Calliptamus barbarus cephalotes (Costa, 1836) turi rDNK ITS2 cohasi nukleotidlar ketma-ketligi ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi Genbanki bazasiga joylashtirilgan;
zararli Dociostaurus maroccanus chigirtka turiga qarshi Imidashans, 20% s.e.k. (0,075 l/ga), Kreyser, 20% em.k. (0,07 l/ga) hamda Fasshans, 10% em.k. (0,3 l/ga) insektisidlarning biologik samaradorligi 72 soatdan keyin 92,7 – 98,4% ni tashkil etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Markaziy O‘zbekiston to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
to‘g‘riqanotli hasharotlarning hayotiy shakllarini ifodalovchi 15 ta tasnif bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Buxoro, Samarqand, Navoiy va Jizzax viloyat boshqarmalari amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 12 dekabrdagi 02-03/1-3111-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu viloyatlar hududlari bo‘ylab to‘g‘riqanotli hasharotlarning fenologik spektrlarini aniqlash va Markaziy O‘zbekiston sharoitida antropogen bosim hududlarida tarqalgan 87 ta to‘g‘riqanotli hasharotlardan himoyaga muhtoj 10 ta turining populyasiyalari holatini baholash va ularni saqlab qolish imkonini bergan;
to‘g‘riqanotli hasharotlar turkumiga tegishli bo‘lgan 87 tur va kenja turlariga mansub 120 nusxa hasharot namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublika Fanlar akademiyasining 2020 yil 2 dekabrdagi 4/1255-2710-son ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar Markaziy O‘zbekistondagi tog‘, adir, cho‘l hududlariga oid hasharotlar fondini boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda interfaol atlaslar tayyorlash imkonini bergan;
Marokash chigirtkasiga qarshi kurashda (Imidashans, 20% s.e.k. - 0,075 l/ga sarf me’yorida 98,4 %., Kreyser, 20% em.k. - 0,07 l/ga da 92,7 % va Fasshans, 10% em.k. 0,3 l/ga 95,4 %) qo‘llash bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Jizzax viloyati Forish tumani “Forish” fermer xo‘jaligi hududlarida zararli chigirtkalar tarqalishini oldini olish amaliyotiga joriy qilingan (“O‘zagrokimyohimoya” AJning 2020 yil 10 dekabrdagi 03-12/702-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur hududning ekin maydonlarida va uning atrofidagi yaylovlarda zararli chigirtkalar sonini boshqarish imkonini bergan.