Ismoilov Bobur Mirzo Ilhom o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu255.
Ilmiy rahbar: Pulatov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bosh prokuratura Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xtasheva Umida Abdilovna, yuridik fanlar doktori, professor; Abduraxmonxo‘jaev Jamoliddin Xusanxon o‘g‘li, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati institutini mustahkamlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati yo‘nalishlari, nazoratni amalga oshirish mexanizmlari, ushbu nazoratni amalga oshirish bo‘yicha prokuror vakolatlarini qonunchilikda belgilash taklifi asoslantirilgan;
BMT (UN), Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD), Jahon banki (WB), Tranparency International (TI) kabi halqaro tashkilotlar tavsiyalaridan kelib chiqib, korrupsiyaga ko‘proq moyil bo‘lgan sohalarni aniqlash, idoraviy chora-tadbirlarni amalga oshirish ustidan ichki nazorat mexanizmlarini, jumladan, xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi komplaens (anti-corruption compliance control), davlat sektorida esa idoraviy halollikni (public integrity system) kuchaytirish, mansabdor shaxslar diskresiyaviy vakolatlarini (discretionary powers) qisqartirish zarurligi ilmiy jihatdan asoslangan;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirishda mazkur nazoratning shakllari, usullari va uslubiyotining o‘rni va rolini belgilash muhimligi asoslantirilib, qonunchilikka “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat” nomli yangi bob kiritish taklif etilgan;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirishning huquqiy asoslari sifatida davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqiy maqomini belgilash asoslantirilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish  bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Hisob palatasi tomonidan nazorat o‘tkazish davrida jinoyat alomatlariga ishora qiluvchi ma’lumotlar, shu jumladan korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar alomatlari aniqlangan taqdirda, tegishli materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilishi zarurligi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Hisob palatasi to‘g‘risida»gi 2019 yil 1 iyuldagi O‘RQ-546-son Qonuni 30-moddasining o‘n beshinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 14 yanvardagi 121-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida samarali hamkorlik qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yilishini ta’minlash, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish imkonini yaratgan;
xizmat mavqeini suiiste’mol qilish, korrupsiya va egallab turgan lavozimiga noloyiq boshqa nojo‘ya xatti-harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazish zarurligi to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasining «Prokuratura to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) 2001 yil 29 avgustdagi 257-II-son Qonunining 46-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 14 yanvardagi 122-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi prokuratura organlarining ichki xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalari faoliyatini takomillashtirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish samarasini oshirishga xizmat qildi;
korrupsiyaga eng ko‘p moyil bo‘lgan sohalarni aniqlash, xizmat vazifalarini bajarishda xodimlarning manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar berish va ularni hal qilish masalalarini lozim darajada tartibga solish, shuningdek ushbu majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, barcha darajadagi davlat organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, shuningdek ularning sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, idoraviy chora-tadbirlarni amalga oshirish ustidan ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zarurati to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturining 20-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 29 avgustdagi 30/8-20-672-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinganligi korrupsiyaga eng ko‘p moyil bo‘lgan sohalarni aniqlash va idoraviy chora-tadbirlarni amalga oshirish ustidan ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish samarasini oshirishga xizmat qilgan;
«O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida»gi, «Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilish to‘g‘risida»gi, «Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonun loyihalari ishlab chiqish to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrusiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6013-son Farmonining 11-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 29 avgustdagi 30/8-20-673-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning qabul qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqiy maqomini belgilashga, davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiya qilishning huquqiy mexanimlarini mustahkamlashga hamda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibining ishlab chiqilishiga ko‘maklashgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish