Djuraeva Feruza Shukurovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ilk o‘rta asrlar arab xitobalari poetikasi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1439.
Ilmiy rahbar: Shomusarov Shorustam G‘iyosovich, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xodjaeva Ra’no Umarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Rustamiy Salimaxon Aliybeg qizi, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ilk o‘rta asrlar arab xitobalarining paydo bo‘lishi, uning arab xalqi hayotidagi o‘rni va arab notiqligining poetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk o‘rta asrlardagi arab xitobalarining Aristotel` ritorikasidan o‘zining kutilmagan vaziyatlarda tayyorgarlik ko‘rilmasdan aytilishi bilan farqlanishi, asl arabiy negizda shakllangan va rivojlangan notiqlik san’ati namunasi ekanligi aniqlangan;
arab xitobalarining qadim arab og‘zaki ijodi an’analari ruhida bo‘lgani va shunday saqlanib qolgani, o‘rta asrlarda xitobalarning adabiy-estetik me’yorlari shakllangani, xitoba kompozision strukturasi mantiqiy izchillikda tartiblangani, poetik hamda ritorik vositalar birgalikda xitobaning shakliy-mazmuniy yaxlitligini ta’minlagani asoslangan;
ilk islom davriga kelib, xitobalar kompozisiyasida an’anaviy aniq tarkibiy qurilish paydo bo‘lgani, arab xitobalarining shakl komponentlari, ulardagi poetik elementlar johiliyat, ilk islom va ummaviylar davrida o‘zgarishsiz qolgani, faqat mazmuniy o‘zgarishlar yuz bergani isbotlangan;
ilk o‘rta asrlar arab xitobalarining tinglovchiga ta’sir etish tamoyillari, ishontirish va shu orqali ergashtirish motivlaridan iborat ekanligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ilk o‘rta asrlar arab xitobalari poetikasi mavzusini o‘rganish davomida erishilgan natijalar asosida:
ilk islom va ummaviylar davrida buyuk notiqlar tomonidan aytilgan xitobalar (yoki xutbalar), ularning aytilish vaziyatlari, islom notiqlari (xatiblari) o‘z xitobalarida qo‘llagan mukammal uslublar tavsifi, jumladan tasniflariga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2020 yil 22 sentyabrdagi 4790-son dalolatnomasi). Natijada, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida aks ettiruvchi islomiy manbalarni tizimli tahlil etish, din sohasidagi davlat siyosatining mohiyatini keng jamoatchilikka taqdim etishda asosiy vosita bo‘lgan notiqlik san’atini yanada rivojlantirishga oid nazariy xulosalar takomillashtirilgan;
tadqiqotda keltirilgan xitobalar tarixi, ularning islom adabiyotida adabiy janr sifatida egallagan maqomi, xitobalardagi eshituvchilar qalblarini zabt eta olgan yuksak badiiyatning adabiy tahlili va talqini natijalaridan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2020 yil 28 avgustdagi №02/251-son dalolatnomasi). Natijada, aholi o‘rtasida diniy savodxonlikni oshirish, islom dinining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini milliy qadriyatlar negiziga qo‘yish va yosh avlodni sharqona odob-ahloq ruhida tarbiyalashga qaratilgan faoliyati hamda yuqori malakali ilmiy salohiyatga ega kadrlarni tayyorlash jarayoniga xizmat qilgan;
tadqiqot davomida arab xitobalarining tadrijiy taraqqiyoti tarixi va poetikasi bo‘yicha chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan turkum radio eshittirishlarda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2020 yil 14 sentyabrdagi 04-25-834-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqotga tortilgan qadim arab notiqlik san’ati namunalari – xitobalarning yuksak badiiyat bilan aytilishi ham islom dinining Arabiston yarim orolidan tashqari hududlarga tarqalishida muhim ahamiyat kasb etganini asoslovchi ilmiy ma’lumotlar hamda tadqiqotchining dunyo olimlari va sharqshunoslari ilmiy qarashlari bilan bir qatorda o‘zi ham bildirgan tahliliy fikrlari va nazariy xulosalari qator eshittirishlar ssenariylarida qimmatli manba vazifasini bajargan.