Babadjanov Sandjar Abdumuratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Miokard ishemiyasi va yurak ritmining buzilishida xirurgik va intervension davolash natijalarini prognozlash ajralmas tizimlarini takomillashtirish», 14.00.34 – Yurak-qon tomir jarrohligi (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Tib124
Ilmiy maslahatchi: Zufarov Mirjamol Mirumarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Dsc.04/30.12.2019.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Abdraxmanov Ayan Suleymenovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kamilova Umida Kabirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Abdumadjidov Xamidulla Amanullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Akademik M. Mirraximov nomidagi Kardiologiya va terapiya ilmiy tekshirish instituti, Qirg‘iziston.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: jarrohlik usulida davolashning maqbul taktikasini tanlash jihatidan koronar korreksiyalovchi va intervension aritmologik operatsiyalar yakunlarini bashorat qiluvchi integral tizimlarni takomillashtirish yo‘li bilan ularning natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aralashuvning salbiy natijalari xavfi ehtimolligini identifikatsiya qilgan xolda yurak ishemik kasalliklarida va yurak ritmi buzilishlarida koronar korreksiya va intervension operatsiyalar nomaqbul yakunlarining yuqoriroq informativ prediktorlari aniqlangan;
kardioxirurgik korreksiya fonida, mahalliy kinetik va morfostrukturaviy o‘zgarishlarni dinamik tekshirish uchun o‘tkir koronar hodisalar vaqtida ishemik soxada gibernatsiyalangan miokardni aniqlash usuli takomillashtirilgan;
yurak ritmining buzilishi turini, kasallik kechishining og‘irlik darajasini klinik-biokimyoviy va instrumental tekshiruv xususiyatlarini hisobga olgan holda intervension aritmologik operatsiyalar yakunlarini bashorat qilishning patognomonik mezonlari aniqlangan;
koronar stentlash va aortakoronar shuntlash amaliyotlari yakunlarining tanlangan prediktorlarini, ularning prognostik qiymati, diagnostik sezgirligi va informativligini baholagan xolda, birgalikda qo‘llashning klinik va patogenetik jihatlari aniqlangan;
koronar korrigirlovchi va intervension amaliyotlar yakunlarini bashorat qilish prediktorlarini spesifik (texnologiyalarga bog‘liq) va nospesifik (inson omiliga, shuningdek bemor ahvolining og‘irligi va jarrohning malakasiga bog‘liq) turlarga taqsimlash zarurati isbotlangan;
bashorat qilish tizimi texnologiyalari takomillashgani sayin yurak ishemik kasalligini jarrohlik yo‘li bilan davolash yakunlarining o‘ziga xos prediktorlari soni qisqarib va o‘ziga xos bo‘lmagan prediktorlarining soni ortib borishi sodir bo‘lishi, ularning klinik sezgirligi, informativligi va samaradorligi oshib borishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Miokard ishemiyasida va yurak ritmi buzilishlarida jarrohlik va intervension amaliyotlar natijalarini bashorat qilishning integral tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Yurak ishemik kasalligi mavjud va karotid arteriyalar zararlangan bemorlarni olib borish taktikasi algoritmi” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 22 yanvardagi 8n-z/18-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar yurak ishemik kasalliklarida koronar korreksiya operatsiyalarining natijalarini yaxshilash, operatsiyadan keyingi asoratlarning sonini kamaytirish va bemorlarning kasalxonada bo‘lishi muddatini qisqartirish imkonini bergan;
«o‘tkir koronar xolatlarda yurak ishemik soxalarda miokardni gibernatsiya jarayonlarini aniqlash usuli» takomillashtirilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 22 yanvardagi 8n-z/18-son ma’lumotnomasi). Tavsiya etilgan usul bemorlarning amaliyotdan keyingi yashovchanligini bashorat qilishga, yurak ishemik kasalligini xirurgik davolash samaradorligini oshirishga imkon bergan;
olingan ilmiy natijalar amaliy sog‘liqni saqlash faoliyatiga, xususan, akad. V.Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Xorazm va Namangan filiallarining rentgen-endovaskulyar xirurgiya bo‘limlari amaliy faoliyatiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 22 yanvardagi 8n-z/18-son ma’lumotnomasi) Ishlab chiqilgan koronar korreksiya va intervension jarrohlik aralashuvlari yakunlarini bashorat qilishning integral tizimlari, yurak ishemik kasalligi va yurak ritmi buzilishlari mavjud bemorlar uchun tanlangan davolash taktikasi natijadorligini yaxshilash, operatsiyadan keyingi asoratlar sonini kamaytirish va bemorlarning xayot sifatini yaxshilashga imkon bergan.