Ermatov Navruz Xushmuradovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Yakuniy ishlatish davrida qatlamsimon turdagi neft` uyumlarida suv bostirish samaradorligini aniqlovchi geologik-fizik va texnologik ko‘rsatgichlarni aniqlash», 04.00.13 – Neft` va gaz konlarini o‘zlashtirish hamda ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/T279.
Ilmiy maslahatchi: Agzamov Avaz Xamidillaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/05.06.2020.T.03.06.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Ulug‘bek Sultanovich, texnika fanlari doktori, professor; Zakirov Alimdjan Abduraximovich, texnika fanlari doktori, professor; Xolmurodov Abdulxamid Erkinovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: «O‘zbekneftgaz» AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahsuldor qatlamlarga suv bostirishning prinsipial holatlarini asoslash usullarini ishlab chiqish va Farg‘ona neftgaz viloyatidagi konlarda qatlamsimon turdagi uyumlardan neft` olish sur’atini va chiqarib olish darajasini orttirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona neftgazli viloyatidagi mahsuldor qatlamlar bo‘yicha geologik va olinadigan neft` zaxiralarining taqsimlanganligi va qazib olinganlik darajasi aniqlangan;
ishlatish bosqichlari bo‘yicha suyuqlik va neft` olish sur’atlari orasidagi bog‘liqliklar isbotlangan;
mahsuldor qatlamlarni suv bostirish hisobiga neftni qazib olinganlik koeffisientining ortishi baholangan;
bir nechta qatlamlarni yagona ishlatish ob’ektiga birlashtirish natijasida yo‘qotiladigan neft` hajmi aniqlangan;
chegara oldi suv bostirish usulining chegara ichra suv bostirish turli usullari bilan birgalikdagi nisbatan yuqori samaradorligi aniqlangan;
neftni qazib olish koeffisientiga eng katta ta’sir etuvchi geologik-texnologik ko‘rsatkichlar aniqlangan;
neft` qazib olish koeffisientining o‘lchamsiz bosimdan bog‘liqligi matematik modeli ishlab chiqilgan;
turli kollektorlar va ishlatish tizimlari uchun neft` qazib olish koeffisientining qatlamning yuvilganlik darajasidan bog‘liqligi matematik modellari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yakuniy ishlatish davrida qatlamsimon turdagi neft` uyumlarida suv bostirish samaradorligini aniqlovchi geologik-fizik va texnologik ko‘rsatkichlarni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
boshlang‘ich quduqlar to‘rini zichlashtirish texnologiyasi “Muborakneftgaz” AJning Sho‘rtepa konidagi XIII gorizonti va “Gissarneftgaz” MChJ qo‘shma korxonasining Shakarbuloq konidagi XV gorizontida joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil 14 sentyabrdagi 05-25-1-103-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sho‘rtepa konida 2014–2017 yillar davrida yillik neft` qazib olishni 2,4–2,5 ming tonna miqdorida barqarorlashtirish, Shakarbuloq konida esa hisoblangan yakuniy neft` qazib olish koeffisientini 15,36% ga oshirish imkonini bergan;
suv oqimi yo‘lini berkitish texnologiyasi “Jarqo‘rg‘onneft`” AJning Xaudag, Amudaryo, Uchqizil, Janubiy Mirshodi konlaridagi quduqlarda joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil 14 sentyabrdagi 05-25-1-103-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2017–2019 yillar mobaynida quduqlar mahsuloti tarkibidagi suv miqdorini kamaytirish va qo‘shimcha 6460 tonna neft` olish imkonini bergan;
qatlam oraliqlarini qo‘shimcha otish yo‘li bilan ishlatishga kiritilmagan qatlamchalarni qo‘shish texnologiyasi “Andijonneft`” AJning Andijon va Janubiy Olamushuk konlaridagi quduqlarda joriy qilingan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil 14 sentyabrdagi 05-25-1-103-son ma’lumotnomasi). Natijada, 2016–2018 yillar mobaynida qo‘shimcha 1951 tonna neft` olish imkonini bergan.