Odilxonova Nafisa Olimjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “To‘qimachilik tolalari va tolali chiqindilardan samarali foydalanishning texnologik asoslari” 05.06.02 – To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xomashyoga dastlabki ishlov berish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T1344.
Ilmiy rahbar: Azizov Inomjon Rashidovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, PhD.03/30.12.2019.T.66.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaniyazov Qadam Jumaniyazovich, texnika fanlari doktori, professor; Yuldashev Jamshid Qambaralievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi paxta tolalari va ishlab chiqarish texnologik jarayonlarda hosil bo‘ladigan tolali chiqindilardan ip yigirishda samarali foydalanishning texnologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ip parametrlarining shakllanish jarayonlari va fizik-mexanikaviy xususiyatlarini o‘rganish natijasida iplarning hisobiy diametrini aniqlash usuli ishlab chiqilgan;
kvadratik notekislik hamda uzilishda ishtirok etmaydigan tolalar uzunligini aniqlash usulidan foydalanib, ipning nisbiy uzilish kuchini hisoblash formulasi ishlab chiqilgan va uning yordamida topilgan uzilish kuchi qiymati o‘lchov qiymatlariga yaqin ekani aniqlangan;
past navli paxta tolalari va tolali chiqindilar aralashmasini tarash jarayoni eksperimental tadqiqotlari vositasida olingan regression tenglamalar tahlili asosida mashina parametrlarining yuqori samaradorlikni ta’minlovchi ratsional qiymatlari aniqlangan;
rejali eksperimental tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish orqali pnevmomexanik yigirish mashinasida ipning kerakli sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlovchi parametrlari aniqlangan;
aralashmaning maqbul tarkibini aniqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan bog‘lanishlar yordamida yigirish korxonalarida paxta tolasi va tolali chiqindilardan ip olishda ipning kerakli parametrlarini ta’minlab beruvchi aralashmaning ratsional tarkibi aniqlangan;
to‘qimachilik sanoatida olinadigan ikkilamchi resurslar va tolali chiqindilar texnologik ko‘rsatkichlari va fizik-mexanik xususiyatlari tahlili asosida to‘qimachilik ikkilamchi resurslari va tolali chiqindilarni tasniflashning yangi raqamli tizimi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
To‘qimachilik tolalari va tolali chiqindilardan samarali foydalanish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
paxta tolalari va tolali chiqindilar aralashmasini yigirishga tayyorlashda tozalash va piltaning tuzilish ko‘rsatkichini yaxshilashni pnevmomexanik usulda yigiriladigan ipning sifatini ta’minlaydigan ratsional parametrlar “Namangan to’qimachi” MChJ korxonasida paxta tolalari bilan 33% tolali chiqindilar qo‘shilgan aralashmalardan yigirilgan 29,4 teks chiziqli zichlikdagi ip yigirib olishga joriy etilgan («O’zto’qimachiliksanoat» uyushmasining 2020 yil 23 noyabrdagi 04/18-2745-son ma’lumotnomasi). Natijada, ipning sifatini ta’minlagan holda bir tonna ip uchun xomashyo xarajatlarining 2204,24 ming so‘mga kamayishiga erishilgan;
aralashma ratsional tarkibi va tarash hamda yigirish jarayonlari ratsional parametrlari qo‘llangan texnologiya “MRT tekstil`” MChJ shaklidagi xorijiy korxonasida paxta tolalari bilan 50% tolali chiqindilar qo‘shilgan aralashmalardan yigirilgan 50 teks chiziqli zichlikdagi ip yigirib olishga joriy etilgan («O’zto’qimachiliksanoat» uyushmasining 2020 yil 23 noyabrdagi 04/18-2745-son ma’lumotnomasi). Natijada, ipning sifatini ta’minlagan holda bir tonna ip uchun xomashyo xarajatlarining 2527,66 ming so‘mga kamayishiga erishilgan.