Azimova Gul`mira Zayniddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fenollar va naftollarni allillash, allil mahsulotlarining xossalari», 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/K144.
Ilmiy rahbar: Yuldasheva Muxabbat Razzokberdievna, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Abdugafurov Ibroximjon Azizovich, kimyo fanlari doktori; Elmurodov Burxon Jo‘raevich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fenollar, naftollar va ularning funksional hosilalarini allillash reaksiyalarining yangi usullarini ishlab chiqish, reaksiya yo‘nalishiga katalizatorlarning ta’sirini, sintez qilingan birikmalarning biologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor fenolning allillovchi agentlar bilan reaksiyalari temir (III) xlorid geksagidrati va nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 katalitik sistemasida olib borilgan, temir (III) xlorid katalitik sistemasida reaksiyalar ko‘proq 4-holatga borishi, nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 katalitik sistemasida esa ko‘proq 2-holatga borishi aniqlangan;
ilk bor allil-2-naftil efiri va allil-1-naftil efirining izomerlanish reaksiyalari temir (III) xlorid va nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 katalitik sistemasida olib borilgan, izomerlanish reaksiyasi temir (III) xlorid ishtirokida borganda molekulalararo va nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 ishtirokida ichki molekulyar qayta guruhlanish orqali mahsulotlar hosil bo‘lishi aniqlangan;
naftollar va fenollarning allil bromid, allil spirt, alliletil efiri, allilatsetat bilan katalizatorlar ishtirokidagi aproton erituvchilarda allillash reaksiyalaridan hosil bo‘ladigan mahsulot unumiga ko‘ra allillovchi agentlarning reaksion qobiliyati alliletil efir<allil spirt<allil bromid<allilatsetat qatorida ortib borishi isbotlangan;
allillash reaksiyalarida katalizator sifatida nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 katalitik sistemasining qo‘llanilishi orto-allillash reaksiyalarini olib borish imkonini bergan va mahsulot unumi L`yuis kislotalari qo‘llanilganga nisbatan yuqori bo‘lishi, 2-naftilmetil efirini allil spirt bilan allillash reaksiyasida nanotuzilishli TiO2·SiO2/FeCl3 qo‘llanilganda S1 –uglerod atomiga borishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fenollar va naftollarning allil hosilalarini samarali sintez qilish usullari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
insektisid xususiyatga ega bo‘lgan 1-allil-2-naftol olish uchun ishlatiladigan 2-allilnaftil efiri sintezi uchun tashkilot standarti “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan (Ts 02072392-003:2020). Natijada, dukkakli ekinlar zarakunandalariga qarshi insektisid xususiyatli preparat ishlab chiqarish imkonini bergan;
2-allilfenol va allilfenil efiri Muborak gazni qayta ishlash zavodida metall konstruksiyalarning biokorroziyasiga qarshi ingibitor sifatida joriy etilgan (“O‘zbekneftegaz” AJ “Muborak gazni qayta ishlash zavodi”ning 2020 yil 9 sentyabrdagi 995/G’K-09-son ma’lumotnomasi). Natijada, metal konstruksiya va qurilmalarining ekspluatatsion xossalarini oshirish imkonini bergan;
fenilallil efirini olish usullari va allilfenil efirining qayta guruhlanish reaksiyalari MU-FZ-20171025111 raqamli “Karbon kislotalarni vinillashning ilmiy asoslari va olingan birikmalarni xossalari” mavzusidagi yosh olimlar fundamental loyihasida glutar kislotani va 2-gidroksietan kislotalarini vinillash reaksiyalarini o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 11 sentyabrdagi 89-03-3258-son ma’lumotnomasi). Natijada, atsetilen bilan karbon kislotalarni vinillash reaksiyalaridan yuqori unumlar bilan mahsulotlar olish imkonini bergan.