Bafaev Shuxrat G‘afurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratiga oid qonunchilik normalarini qo‘llashni takomillashtirish”, 12.00.01 – Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Yu68.
Ilmiy rahbar: Saidov Akmal Xolmatovich, yuridik fanlar doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019. Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Ruziev Zafar Rayimovich, yuridik fanlar doktori, professor v.b; Muxamedxodjaeva Xurshida Rustambekovna, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil qilish va samaradorligini oshirish bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nodavlat notijorat tashkilotlarining madaniy meros ob’ektlarini targ‘ib qilish, turizm salohiyatini saqlash va rivojlantirish va turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish jarayonida ishtirok etishi zarurligi asoslangan;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) ekspert guruhi nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari orasidan shakllantirilishi zarurligi asoslangan;
jamoatchilik nazorati ijtimoiy nazoratning tarkibiy qismi ekanligi va nodavlat notijorat tashkilotlarining mustaqil huquqiy faoliyatini amalga oshirish shakli ekanligi asoslab berilgan;
aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va davlat jamoatchilik nazoratini ijtimoiy sheriklik orqali amalga oshirishi zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
nodavlat notijorat tashkilotlarining madaniy meros ob’ektlarini targ‘ib qilish, turizm salohiyatini saqlash va rivojlantirish, turizm to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish jarayonida ishtirok etishi zarurligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining «Turizm to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahrirdagi 13-moddasiga tuzatishlar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konunchilik palatasining 2018 yil 28 noyabrdagi 02/936-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarda nafaqat davlat organlarining ishtiroki, balki fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki uning samaradorligini ta’minlaydi;
qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) ekspert guruhi nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari orasidan shakllantirilishi zarurligi haqidagi taklif «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida»gi Qonunning 209-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konunchilik palatasining 2019 yil 17 maydagi 01-07/1491-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi mamlakatdagi nodavlat notijorat tashkilotlariga inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishga imkoniyat yaratgan;
jamoatchilik nazorati ijtimoiy nazoratning tarkibiy qismi hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining mustaqil huquqiy faoliyatini amalga oshirish shakli ekanligi «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konunchilik palatasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 04-06/260-01-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish va mazkur qonunni takomillashtirish imkoniyatini yaratgan.