Tilavov Xayitmurod Maxmudovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yangidan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda qovun navlarini turli texnologiyalarda o‘stirish va quritishga mosligini o‘rganish”, 06.01.06 − Sabzavotchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Qx519.
Ilmiy rahbar: Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/28.08.2020.Qx.13.03.
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmuradovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Umidov Shavkat Ergashevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti qoshidagi Qovunchilik bo‘limi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zarafshon vodiysining yangidan sug‘oriladigan och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida qovunning tezpishar, o‘rtatezpishar hamda o‘rtapishar navlarining urug‘larini ekisholdi tayyorlash va turli muddatlarda o‘stirishning o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligi hamda meva sifatiga ta’sirini aniqlash, yuqori sifatli va arzon hosilni ta’minlovchi takomillashgan texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yangidan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda qovunning yozgi eti yumshoq va qattiq navlarining o‘sishi va rivojlanishini tadqiq qilish asosida yuqori hosildor, eksportbop mahsulot olishga mos navlar tanlangan;
qovunning tezpishar, o‘rtatezpishar va o‘rtapishar navlari hosilning biokimyoviy tarkibi va ularning har xil (gelio va sun’iy) usullarda quritishga mosligi aniqlangan;
eksportbop qovun qoqilari sifat ko‘rsatkichlarining quritish usuliga bog‘liqligi aniqlangan;
ajratilgan qovun navlarining eng yaxshi o‘sishi, rivojlanishi, yuqori hosildorligi va sifatli qoqi chiqishini ta’minlovchi maqbul o‘g‘itlash me’yori ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jizzax viloyatining yangidan sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarida qovun navlarini o‘stirish va quritish texnologiyasini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
poliz ekinlarini etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun “Qovun navlarini o‘stirish va quritish texnologiyasiga oid tavsiyalar” ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 dekabdagi 02/029-4516-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida qovundan yuqori va sifatli hosil olish hamda quritishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
qovunning yozgi eti yumshoq va qattiq navlari hosildorligiga o‘g‘itlash me’yorining ta’siri ishlanmasi Jizzax viloyati G‘allaorol tumani “Abulxayir dalasi” fermer xo‘jaligida 5,4 gektar, “Gumsoy – 1” fermer xo‘jaligida 9,6 gektar, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani “Moyli ekinlar dalasi” fermer xo‘jaligida jami 6,0 gektar, jami 21 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 dekabdagi 02/029-4516-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida hosildorlik an’anaviy o‘g‘itlash me’yoriga nisbatan 30 t/ga go‘ng + N150P150K60 kg/ga fonida gektariga 8,1 tonnaga ortgan va o‘rtacha 34,3 t/ga hosil olingan. Qo‘shimcha hosil hisobiga 4,8 mln. so‘m qo‘shimcha sof foyda olingan, rentabellik 47,8-55,9% ni tashkil etgan;
qovunning yozgi eti yumshoq va qattiq navlari hosildorligi va qoqi chiqimini baholash ishlanmasi Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “Abulxayir dalasi” fermer xo‘jaligida 5,2 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 30 dekabdagi 02/029-4516-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida sinalgan 30 ta nav orasidan yuqori hosildor Ko‘kcha – 588, “Ich-qizil”, “Tuyona”, “Saxovat”, “Oltin vodiy”, “Lazzatli”, Shakarpalak – 544, “Novotkalla”, Ko‘k tinni – 1087, Oq urug‘ – 1157, “Ko‘ndalang to‘r”, Toshloqi – 862 navlari ajratib olingan, navlar bo‘yicha gektardan 26,1–37,3 tonna hosil yoki quritilgan 2,71–4,11 tonna (gelioquritgichda) yoki 2,92–4,73 tonna (sun’iy kamerada) uzoq saqlanuvchan, sifatli qoqi olinishi ta’minlangan.