Kuldashova Navbaxor Bobokulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Fransuz va o‘zbek tillarida sport terminologiyasining milliy-madaniy xususiyatlari», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil590.
Ilmiy rahbar: Jo‘raeva Malohat Muhammadovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch  davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Karshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori; Nishonov Patxiddin Payziboevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch  davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fransuz va o‘zbek tillarida sport terminlarining milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berish, har bir lingvomadaniyatga xos mushtarak hamda farqli belgilarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
fransuz va o‘zbek tillari sport terminosistemasida inson kognitiv va madaniy-lisoniy faoliyatining verballashuvi natijasida yuzaga keladigan neologizm va okkazionalizmlar semantik-pragmatik aspektda polisemiya, omonimiya, variativlik qonuniyatlari doirasida mantiqiy qiymat kasb etishi aniqlangan; 
har ikkala til kommunikativ jarayonida voqelanadigan sport terminlari shakl va mazmun chegaralarining funksional dinamizmi kontekst ishtirokchilari: o‘yinchi, raqib, kuzatuvchi, hakam, tomoshabinlarning mental, kognitiv va lisoniy tafakkur xususiyatlari negizida sodir bo‘lishi isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillarda sport terminologiyasining konseptual, freym, lingvokul`turologik xususiyatlari «kurash», «halol», «g‘irrom», «chala», «cochonnet», «bouchon», «petit», «têt», «gari» kabi lingvokul`turemalar va «qarabtep», «chillak», «besh tosh», «pétanque», «jeu de paume» kabi sport o‘yinlari funksionalligining birlamchi omillari ekanligi asoslangan;
turli tizimli tillarda sport terminlarining grammatik, leksik va frazeologik xususiyatlari semantik, struktural va funksional maydon konstituentlarining tasnifiy omillari ekanligi va ularning dominant komponent (yadro) atrofida birlashuvchi ikkilamchi (periferik) elementlar qo‘llanishini voqelantiruvchi kuch ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Fransuz va o‘zbek tillarida sport terminlarining milliy-madaniy xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
fransuz va o‘zbek asarlarida kuzatilgan sportga oid terminlarning ikkita mustaqil, ko‘makchi fe’l va qator determinantlar bilan kelishi, sport terminlariga daxldor motivlar va ularning lisoniy birliklari modal fe’llar yordamida qo‘llanishi bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan F1-XT-0-19919A-1-118 raqamli «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy taraqqiyotida tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 89-03-2486-sonli ma’lumotnomasi). Natijada terminlarning tillardagi mushtaraklik va o‘ziga xosliklarining fol`klor va badiiy adabiyotlarda faollashuvini o‘rganish imkoniyatlari kengaygan;
terminologiya, leksikologiya, terminografiya, leksikografiya, termin, atama, kategoriya, konsept, freym kabi lisoniy birliklar xususiyatlari mohiyatini belgilovchi ko‘rsatkichlar tahliliga daxldor xulosalar Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi «ALTA»til xizmatlari kompaniyasi faoliyatiga joriy etilgan («ALTA» Language Services, Inc kompaniyasining 2019 yil 5 dekabrdagi  I-3276-sonli ma’lumotnomasi). Natijada soha terminlarining tizimlashtirilishi, leksikografik izohlarining takomili, o‘zlashma va baynalminal terminlarning milliy tillarda barqarorlashuv mexanizmlari ta’minlangan;
tilshunoslikning leksik qatlamini hosil qiluvchi terminologiyaning lingvistik aspektlari, tarjima jarayonida yangi terminlarning paydo bo‘lishi va ularning yasalishi, qiyosiy terminologiya metodikasi rivojlanishiga doir ilmiy xulosalardan «Tarjimada uslub yaratilishining qiyosiy-statistik, terminologik metodikasi» nomli elektron hisoblash mashinalari uchun dasturni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi  Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligining 2019 yil 2 iyuldagi DGU 06967-raqamli guvohnomasi). Natijada interlingvistika (bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish), sinxron va diaxron lingvistika, makro va mikrolingvistika, kompyuter lingvistikasi sohalari bo‘yicha yaratilgan dasturlarning muayyan darajadagi takomiliga erishilgan; 
fransuz va o‘zbek tillarida sport terminologiyasining milliy-madaniy xususiyatlarini namoyon etishda ommaviy axborot tizimi va xalq orasida ommalashgan leksik neologizmlarning milliy ruh va madaniy o‘ziga xoslik bilan uyg‘unligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalida «Bedorlik», «Katta tanaffus», «Ta’lim va taraqqiyot» teleko‘rsatuvlarining ssenariylarini tayyorlashda  foydalanilgan (O‘zMTRKning  2019 yil 21 oktyabrdagi  04-25-2175-sonli ma’lumotnomasi). Natijada davlatlararo va xalqaro sport aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish, ta’lim, jismoniy tarbiya va sport sohalariga doir va ommaviy dasturlarni tayyorlashda manba sifatida xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish