Isaev Sabirjan Xusanbaevichning
doktorlik dissertatsiyasihimoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za va g‘allani subirrigatsiya usuli bilan sug‘orish texnologiyasini takomillashtirish», 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.5.Qx95.
Ilmiy maslahatchi: Xamidov Muxammadxon Xamidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, Andijon qishloq xo‘jalik instituti va Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, 14.07.2016.Qx/V.24.01.
Rasmiy opponentlar: Mambetnazarov Beysenbay Satnazarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Muradov Rustam Anvarovich, texnika fanlari doktori; Maxmudov Obidjon Maxmudovich qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikamizda suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishda sizot suvlari yaqin, mineralizatsiyasi past bo‘lgan gidromorf tuproqlari sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini ishlab chiqishda subirrigatsiya sug‘orish usulini qo‘llash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor taqirsimon, o‘tloqi allyuvial va o‘tloqi soz tuproqlar sharoitida g‘o‘za va kuzgi bug‘doyning subirrigatsiya sug‘orish texnologiyasi takomillashtirilgan;
gidromorf tuproqlar sharoitida sizot suvlari sathi 1–3 metr mineralizatsiyasi 1–3 g/l bo‘lgan taqirsimon, o‘tloqi allyuvial va o‘tloqi soz tuproqlari sharoitida subirrigatsiya usuli bilan sug‘orilganda g‘o‘za va kuzgi bug‘doyning suvga bo‘lgan talabi ishlab chiqilgan;
g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya texnologiyasi bilan sug‘orishning erlarning meliorativ holati, sizot suvlari sathi va minerallashganlik darajasining o‘zgarishiga hamda tuproqning suv-fizikaviy xossalariga ta’siri aniqlangan;
taqirsimon, o‘tloqi allyuvial, o‘tloqi soz tuproqlar sharoitida subirrigatsiya sug‘orish texnologiyasini g‘o‘za va kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Taqirsimon, o‘tloqi allyuvial, o‘tloqi soz tuproqlar sharoitida g‘o‘za va g‘allani sug‘orishning subirrigatsiya texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida «G‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya sug‘orish usulini joriy etish bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 27.07.2016 yilda №02/29-865-son ma’lumotnomasi). Bunda g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni sug‘orishda suv resurslaridan samarali foydalanishga hamda paxtadan 2–4 s/ga va dondan 5–7 s/ga qo‘shimcha hosildorlikni oshirishga erishilgan.
respublikaning gidromorf tuproqlari sharoitida kuchsiz minerallashgan, tuprog‘i sho‘rlanmagan yoki kuchsiz sho‘rlangan erlarda g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni subirrigatsiya sug‘orish texnologiyasi fermer xo‘jaliklarida jami 5 ming gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 23.06.2016 yildagi №02/29-865-son ma’lumotnomasi). Bunda sug‘orish suvlari gektariga 900–1500 m3/ga tejalgan, yoqilg‘i-moylash materiallar sarfi gektariga 10 litrga kamaygan, gektaridan 3–4 sentner qo‘shimcha paxta va 5–7 sentner don hosili olingan, iqtisodiy samara gektariga 120–150 ming so‘mni tashkil etgan.